1

Qish ertagi. To`qimaymiz, aytmaymiz, ijro qilamiz!

SUG'DIYONA 27.12.2016, 12:16
Teglar: SUGDIYONA, Yangi yil
Qish ertagi. To`qimaymiz, aytmaymiz, ijro qilamiz!

Bolalikdagi Yangi yillar yodingizdami? Shokoladu mandarinli sovg`alar, qizaloqlarga archa o`yinchog`ining sinig`idan yasalgan tillaqoshlar, o`g`il bolalarga atab tikilgan jonivorlar kiyimi... Qishning so`nggi kuni mana shunday iliq tuyg`ularni yodga soladi, to`g`rimi? Aslida, ota-onamizning ishtiyoqi, hafsalasi va sa`y-harakatlari sabab har eslaganda bolaligimizga qaytamiz. Endi, endi esa farzandlaringiz uchun mana shunday butun umrga tatigulik xotiralar yaratish navbati sizga! Bayram yugur-yugurlaridan boshingizni ko`taring-da, jigarbandlaringizga shirin onlarni taqdim eting. Bu borada sizga sevimli gazetangiz ko`maklashadi.   

Ignasi bilan rishtalar to`nini qavigan archa

Archa yasatishning o`zi nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham bir olam quvonch bag`ishlaydi. Bu quvonch va ishtiyoqni «O`yinchoqni sindirib qo`yma, archani yiqitib yuborma» degan so`zlaringiz bilan so`ndirib qo`yishingiz mumkin. Agar dekorasiya ishlarini muammolarsiz, bekamu ko`st amalga oshiraman desangiz, sinmaydigan o`yinchoqlardan xarid qiling yoki ularni kichkintoylaringiz bilan birgalikda yasang. Bu bayram zavqini ikki barobar oshiradiDerazalar ham e`tibordan chetda qolmasin. To`g`ri, bayramdan so`ng ishingiz ko`payadi, lekin farzandlaringiz kelgusida nabiralariga ham siz uyushtirgan bazm haqida aytib o`tirishi shunga arziydi, so`zimiz chin, ishoning. Eng osoni oq qog`ozdan qirqilgan qor parchalarini yopishtirib chiqish bo`lsa, bugungi kunda rangli bo`yoqlar bilan Qorbobo, Qorqiz suratini chizish imkoniyati ham mavjud.

Sirk, teatr va konsert? Tanlov o`z qo`lingizda  

Bayram arafasida madaniy tadbirlar etarlicha uyushtiriladi. Kichkintoyingiz bilan ulardan birini tanlang-da, birgalikda maza qilib ko`ngil chigilini yozing. Qiziqarli shou dasturlar bilan bo`lib xayriya tadbirlari yoddan chiqmasin. Imkoniyati cheklangan yoki «Mehribonlik uyi»da tarbiyalanayotgan shirintoylarga bag`ishlangan tadbirlardan birida ishtirok eting. Qo`lingizdan kelsa, ham moddiy, ham ma`naviy jihatdan ularni qo`llab-quvvatlang. Bu ishingiz bilan farzandingizga insonlarga ko`maklashish (ayniqsa, bayram arafasida) qanchalik savobli va yaxshi ish ekanligini amalda ko`rsatib berasiz.

Mohir qo`llaringiz bekor qolmasin

Telefoningizdagi suratlarni ko`zdan kechiring-da, eng, eng, eng yorqin va kulgililarini tanlab oling (shunaqasi topilishi aniq!). Keyin ularni chiqarib kelasiz. Shuning o`zi kifoya deb o`ylamang. Endi suratlarni tasmaga terib, Yangi yilbop yaltiroqlar bilan bezatasiz va xonaning turli burchaklariga osib chiqasiz. Tabriklaymiz, bugundan boshlab sizda hech kimda uchramaydigan oilaviy girlyanda bor.

Mo`jizalarga ishonch uyg`oting

Yangi yil — mo``jizalar bayrami, bugun bolajonlarga oddiy narsalar ham sehrli tuyuladi. Shunday pallada siz ham bolangizga chakana sehrgarlardan emasligingizni isbotlab qo`ying. Buni oddiy fizika qonunlari yoki ko`zboylag`ichlik qilish orqali ham amalga oshirsa bo`ladi. Internetda turli fokuslarni o`rgatuvchi video roliklar bisyor. Biz esa sizga uy sharoitida qo`llash mumkin bo`lgan oddiy va xavfsiz usullarni o`rgatamiz. Demak, atrofingizga bolajonlarni to`plang-da, likopchaga suv solib, unga oddiy tangani tashlang. Kichkintoylarga qo`yiladigan talab esa qo`lni ho`l qilmay, tangani olish bo`ladi. Stol ustiga esa oddiy stakan, 2-3 dona gugurt va kartoshka bo`lagini qo`yasiz. Bolajonlarga istaklariga ko`ra shu predmetlardan foydalanish imkoniyatini bersangiz bo`ladi. Biroz bosh qotirganlaridan so`ng ular, albatta, «shahar» berishadi. Shu bilan sizning «yulduz»li onlaringiz keladi. Kartoshka bo`lagiga gugurt cho`plarni tiqib, likopcha ichiga qo`ying va cho`plarni yoqing va ustidan stakanni yoping. Qarabsizki, likopchadagi suv stakan ichiga to`plana boshlaydi. Birozdan keyin hammani hayratga solib, tangani o`z qo`llaringiz bilan olishingiz mumkin. Farzandlaringiz buni hali uzoq eslab yurishadi.   

Albatta turli musobaqalar uyishtirishning ham rejasini tuzib qo`ying. Masalan, pufak shishirish musobaqasi ham ko`ngilochar mashg`ulotlardan biri. Ammo shunchaki pufak shishirish emas, katta yoshdagi bolalarni ham shoshirib qo`yadiganidan bo`lsa, yanayam yaxshi. Qanday qilib deysizmi? Buning uchun gazli ichimliklardan qolgan plastik idishlar kerak bo`ladi. Idishlardan birini avvaldan igna bilan teshib qo`yish yoddan chiqmasin (aks holda uyalib qolasiz). Demak, idish og`ziga pufakni «kiydirib», kim tezroq shishirishga musobaqalashing. Teshik idish egasi g`olib bo`lishiga kafolat beramiz. Ikkinchi idishdagi pufak esa shishay demaydi. Chunki ichi havo bilan liq to`la. Ortiqchasi kirmaydi-da.

Keyingi «mo`jiza»miz uchun 2 dona pufak va 2 ta uzun temir sim kerak. Pufaklardan biri oddiy, ikkinchisiga esa skotch yopishtirilgan bo`lsin. Shunda bolakay sim tiqqan oddiy pufak oson yoriladi. Qo`lingizdagi «sehrli» pufak esa sim tiqilganda ham yorilmaydi.

P/s: ko`zboylog`ichlik mashqini endigina o`zlashtirayoganlar panaroq joyda bir ikki mashq qilib olishlari shart.

Xitoycha tilaklar pechenesi

Kichkintoylarning eng sevimli eguligi so`zsiz  shirinlik hisoblanadi. Shokolad, tort, pechene bormi, barini paqqos tushirishga tayyor turishadi. Ayniqsa, bu shirinliklarda yaxshi niyatlar (kattalar uchun esa hazil tilaklar) izhori ham bo`lsa, nur ustiga a`lo nur deyavering. Aslida bunday pechenelarni tayyorlash juda oson. Tushunamiz, shundoq ham yumushlaringiz ko`p, ehtimol bir qarashda taklifimiz mushkuldek tuyular ham. Biroq atigi 30 daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, nafaqat bolalarni, balki kattalarni ham xursand qilishingiz aniq. Bunday pishiriqni biror taom orasida ham tayyorlashga ulgurasiz. Demak, eng birinchi navbatda pergament qog`ozga niyatlaringizni bitishingiz lozim. Masalan: «Yangi yilda 500 ta besh baho olasan», «Albatta institutga kirasan» kabi. So`ng 3 dona tuxum oqini yaxshilab ko`pirtirib, 100 grammdan qand upasi, eritilgan margarin va un solib, aralashtiring. Tuxumning sarig`i ham yoddan chiqmasin. Masalliqlarni aralashtirib, qaymoqdek quyuqlikdagi xamir qorasiz. Gaz listiga pishiriq qog`ozini to`shab, bir qoshiqdan xamirni quyib, aylana shaklini hosil qilasiz. 180 daraja qizdirilgan gaz pechida 5-7 daqiqa pishirsangiz kifoya. Endigina pechdan chiqqan qaynoq pechenelarning o`rtasiga tilaklar yozilgan qog`ozlarni qo`yib, ikkiga buklab, stakaning chetiga xuddi chuchvaradek tugib qo`yasiz. Shu holicha sovisa bo`ldi, oqshom davomida yaxshi kayfiyat kafolatlanadi.

Musiqa, musiqali...

Avvaldan kichkintoylaringiz yaxshi ko`radigan va yaxshi biladigan qo`shiqlarni tayyorlab qo`yasiz. Keyin davraga bolalardan birini chaqirib, fonogramma orqali qo`shiqqa improvizasiya qilishni so`raysiz. Tanlov yanada qiziqroq bo`lishi uchun uch ishtirokchini chaqirib, birvarakayiga uchta qo`shiq qo`ysangiz ham bo`ladi. Jajji qo`shiqchilardan qay biri oxirigacha kuylay olsa, o`shani g`olib deya e`lon qilasiz va sovg`alar ulashasiz.

Pufak yorishni istaganlar uchun

Іar qanday bayramning birinchi belgisi rang-barang pufaklar. Yangi yil ham ularsiz o`tishi amri mahol. Quyidagi qiziqarli tanlovni o`tkazish uchun turli tuman pufaklar va rangli qog`ozlar kerak bo`ladi. Birinchi galda rangli qog`ozdan kichik tasmalar kesib, shartlaringizni (aytaylik, ayiqqa o`xshab yur, she`r aytib ber kabi) yoki topishmoq yozib chiqasiz. So`ng pufakning ichiga solib, shishirasiz. Keyin davraga chiqqan kichkintoyga tish kavlagich tutqazasiz. U pufakni yorib, ichidagi shartni bajarishi kerak bo`ladi. Agar bolalar sharning yorilishidan qo`rqsa, asosiga yaqin joydan teshishni maslahat beramiz. Shunda u pastroq ovozda paqqilaydi.

Zaxira rejangiz, albatta, bo`lsin!

Kichkintoylar uchun unutilmas bayram tashkil qila turib, «favqulotda vaziyatlar»ga ham tayyorr turing. Axir bilib bo`ladimi? Bolajonlar kuni bilan charchab, kechga tomon injiqlik kilishi, bir-birlari bilan tortishib hammayoqni boshiga ko`tarishi, yig`i-sig`isi quloqni qomatga keltirish holatlari ham uchrab turadi-da. Shuning uchun bayram rejasini shirintoylaringizning fe`l-atvorini inobatga olib, o`ylab chiqing. Kunning birinchi yarmida biroz dam olishlariga sharoit yarating.  

SAODAT tayyorladi.

Sharhlar

O`zbekiston bosh archasi qaerda o`rnatilgani ma`lum qilindi (video)

10.12.2021, 10:32

Har yili uzoq kutiladigan Yangi yil ayyomiga sanoqli kunlar qoldi. Toshkentda esa bayram tantanalarini nishonlash uchun tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.  Eng baland sanalgan yurtimizning...
Yangi yilni yana qorsiz kutib olamizmi?

27.12.2019, 17:33

Insonlar Yangi yil bayramini odatda qorli sovuq ob-havo bilan kutib olishni xohlaydilar.Biroq boshqa janubiy o`lkalar kabi O`zbekiston aholisi ham har doim Yangi yilni qor bilan...
Qashqadaryoda “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanlovi boshlandi. Ilk ishtirokchi "InFinBank" (foto)

17.12.2019, 22:10

Qashqadaryodagi tashkilot, korxona va muassasalar binolarini yangi yil arafasida bayramona bezalganlik darajasini aniqlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan “Eng yaxshi yangi yil manzarasi” tanloviga start berildi,...
Toshkentning asosiy Yangi yil archasi odatdagidan erta o`rnatila boshladi (foto)

26.11.2019, 17:14

Istiqlol ko`chasidagi Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada yonida odatdagidan ko`ra erta Toshkentning asosiy yangi yil archasi o`rnatila boshlandi.Darakchi.uz tahririyatiga yuborilgan suratlardan ko`rinib turibdiki, Archaning karkasi o`rnatib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1