O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati guruh bosqichidagi so'nggi uchrashuvdan keyin o'tkazilgan matbuot anjumanida mag'lubiyat sabablari haqida fikr bildirdi.
Uning ta'kidlashicha, jamoa birinchi bo'limda yaxshi o'yin ko'rsatgan, ammo ikkinchi taymdagi xatolar natijaga salbiy ta'sir ko'rsatgan.
"Birinchi bo'limda juda ko'p energiya sarfladik. Shu kungacha jismoniy tayyorgarligimiz yaxshi darajada edi va bugun ham shu jihatdan yaxshi harakat qildik. Raqibimiz ham jismonan yaxshi tayyorlangan jamoa ekanini bilardik. Uchrashuv oldidan to'pni nazorat qilmasak, qiyin bo'lishini yaxshi tushungan edik. Ikkinchi bo'limda esa xatolarga yo'l qo'ydik va shu sababli gollarni o'tkazib yubordik", — dedi Kannavaro.
Italiyalik mutaxassisning so'zlariga ko'ra, birinchi taymda O'zbekiston terma jamoasi bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan.
"Birinchi taymni juda yaxshi boshladik, ko'plab imkoniyatlarga ega bo'ldik. Ammo ikkinchi bo'limda xatolar qila boshladik va bu bizga qimmatga tushdi", — dedi bosh murabbiy.
Kannavaro ushbu musobaqa jamoa uchun muhim tajriba bo'lganini ham qayd etdi.
"Bu musobaqa men uchun ham, futbolchilar uchun ham katta tajriba bo'ldi. O'ylaymanki, bu kelajakda bizga katta motivatsiya beradi", — dedi u.
Shuningdek, murabbiy guruh bosqichida kuchli raqiblarga qarshi maydonga tushishlarini avvaldan bilganini va futbolchilarning harakatidan mamnun ekanini ta'kidladi.
"Albatta, futbolchilar bilan juda ko'p muloqot qildim. Guruhimizda kuchli jamoalarga qarshi o'ynashimizni bilardik. Lekin ushbu natijadan afsusdamiz. Ha, biz xatolar qildik. Biroq men futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasman. Ular qo'lidan kelgan barcha ishni qildi va men ulardan faxrlanaman", — dedi Fabio Kannavaro.






