AsosiySPORT

Behruz Karimovga kuchli beshlik ligalaridan takliflar bor

U kelajakda to‘p surishni orzu qiladigan klub sifatida Ispaniyaning "Real Madrid" jamoasini tilga oldi.

'Behruz Karimovga kuchli beshlik ligalaridan takliflar bor'ning rasmi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimovga Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida ishtirok etayotgan bir nechta klub qiziqish bildirmoqda. Bu haqda futbolchining o‘zi Toshkent xalqaro aeroportida milliy jamoani kutib olish marosimida ma‘lum qildi.

Karimovning aytishicha, ayni paytda unga bir nechta klubdan rasmiy takliflar kelib tushgan va tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Futbolchi barcha variantlarni sinchiklab o‘rganib, o‘zi uchun eng maqbul qarorni qabul qilishini aytdi.

Shuningdek, u kelajakda to‘p surishni orzu qiladigan klub sifatida Ispaniyaning "Real Madrid" jamoasini tilga oldi.

"Kolumbiyaga qarshi birinchi o‘yinda stadionda 80 mingdan ortiq mahalliy muxlis bor edi. Shunga qaramay, bizning muxlislarimiz butun uchrashuv davomida darvozamiz ortida tinimsiz qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bu bizga yanada katta kuch bag‘ishladi va aynan shu muxlislar uchun ham maydonda borimizni berishimiz kerakligini his qildik. Albatta, mehnatning samarasi bo‘ladi. Qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Xudo xohlasa, bundan keyin ham mehnatimizni yanada oshirib, yaxshi natijalarga erishamiz", dedi Karimov.

Ma‘lumot uchun, Behruz Karimov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jahon chempionati doirasida Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan har ikki uchrashuvda ham to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi.

Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining yana bir futbolchisi Jahongir O‘rozov faoliyatini Germaniyaning "Borussiya Myonxengladbax" klubida davom ettirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

    Boshqa yangiliklar