FIFA O‘zbekistonning “Andijon” futbol klubiga nisbatan transfer taqiqini joriy qildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, FIFA O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasiga yo‘llagan rasmiy xatida “Andijon” Albaniyaning “Lachi” klubi oldidagi moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganini qayd etgan.
FIFA qaroriga ko‘ra, klub qarzdorlikni 45 kun ichida bartaraf etishi lozim edi. Biroq yakuniy muddat sifatida belgilangan 10 iyunga qadar ham to‘lov amalga oshirilmagan.
Shundan so‘ng FIFA mazkur ish to‘liq hal etilguniga qadar “Andijon”ga ketma-ket uchta transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqladi.
Qayd etilishicha, qarzdorlik sloveniyalik yarim himoyachi Altin Kreziuning transferi bilan bog‘liq. Endi “Andijon” mazkur transfer yuzasidan “Lachi” klubi bilan to‘liq hisob-kitob qilishi shart. Klub moliyaviy majburiyatlarni bajargani haqida FIFA’ni xabardor qiladi, “Lachi” esa buni tasdiqlaganidan keyin transfer taqiqi bekor qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 23 yoshli Altin Kreziu 2025 yil mavsum boshida “Andijon” safiga qo‘shilgan. U jamoa tarkibida 19 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Keyinchalik klub mavsum yakunlanmasidan turib futbolchi bilan shartnomani bekor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA qarori bilan “Bunyodkor” futbol klubiga ham braziliyalik futbolchi Rivaldo bilan bog‘liq moliyaviy nizo hal etilmaguniga qadar transfer taqiqi qo‘yilgani xabar qilingan edi.






