AsosiySPORT

Messi rekordli goli va Misrning penaltilardagi g‘alabasi — 1/8 final juftliklari ma’lum

Argentina Kabo-Verde ustidan 3:2 hisobida qo‘shimcha vaqtda g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqdi

'Messi rekordli goli va Misrning penaltilardagi g‘alabasi — 1/8 final juftliklari ma’lum'ning rasmi

Bugun, 4 iyul kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/16 final bosqichi doirasida ikki qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mayami shahrida o‘tgan bahsda Argentina terma jamoasi Kabo-Verdеni qo‘shimcha vaqtda 3:2 hisobida mag‘lub etib, 1/8 finalga yo‘l oldi. Uchrashuvda hisobni 29-daqiqada Lionel Messi ochgan bo‘lsa, 59-daqiqada Deroy Duarte javob golini urdi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda 92-daqiqada Lisandro Martinez Argentinaga yetakchilikni qaytardi, 103-daqiqada esa Sidney Cabral yana muvozanat o‘rnatdi. Biroq 111-daqiqada Kabo-Verde futbolchisi Dineynning o‘z darvozasiga urgan avtogoli uchrashuv taqdirini hal qildi.

Ushbu bahsda Lionel Messi jahon chempionatlari tarixidagi 20-golini kiritib, mundiallar tarixidagi eng yaxshi to‘purarlik bo‘yicha o‘z rekordini yanada mustahkamladi. Shu bilan birga, u JChlarda 30-uchrashuvini o‘tkazib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Cristiano Ronaldodan (26 o‘yin) o‘tib ketdi.

Shuningdek, yana bir 1/16 final uchrashuvida Misr terma jamoasi Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 1:1 hisobida yakunlangan o‘yinda misrliklar penaltilarda 4:2 hisobida ustun keldi.

Misrdan golga 13-daqiqada Imom Ashur mualliflik qildi, Avstraliya esa 55-daqiqada Muhammad Hani o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘yganidan so‘ng hisobni tenglashtirdi.

Shu tariqa Misr "G" guruhida ikkinchi, Avstraliya esa "D" guruhida ikkinchi o‘rinni egallab pley-offga yo‘l olgan edi.

Endi 1/8 finalda Argentina — Misr juftligi yuzaga keldi. Uchrashuv 7 iyul kuni Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika hamkorligida o‘tkazilmoqda. Turnir 19 iyul kuni o‘z yakuniga yetadi.

    Boshqa yangiliklar