O'zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQShda o'tgan Naroditsky Memorial Rapid 2026 xalqaro shaxmat turnirida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Sindorov musobaqaning asosiy bosqichini 7 turda 6 ochko bilan yakunlab, hindistonlik grossmeyster Aravind Chitambaram bilan bir xil natija qayd etdi. G'olib nomini tay-breyk bahslari hal qildi va unda o'zbekistonlik shaxmatchi raqibini mag'lub etib, bosh sovrinni qo'lga kiritdi.
Musobaqadagi g'alabadan so'ng Javohir Sindorov turnir uning uchun alohida ahamiyatga ega bo'lganini ta'kidladi.
“Men bu erga shunchaki Daniel Naroditskiy xotirasi uchun shaxmat o'ynashga keldim va bu menga juda yoqdi. Hammasi ajoyib bo'ldi. Umid qilamanki, bu turnir har yili o'tkaziladi. Menimcha, Naroditskiy shaxmat olamidagi eng mehribon insonlardan biri edi. Odatda strimerlar haqida turli taassurotlar bo'ladi, ammo u bilan shaxsan tanishganimdan keyin uning naqadar samimiy va yaxshi inson ekaniga amin bo'ldim”, — dedi Sindorov.
G'olibga kubokni Naroditskiyning onasi topshirdi.
G'alaba evaziga Sindorov 3 ming AQSh dollari miqdorida mukofot bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, uning xalqaro reyting ko'rsatkichlari ham yaxshilandi: rapid yo'nalishida 6,9 ochko qo'shilib, umumiy reyting 2724,9 ga yetdi va u jahonning eng kuchli rapid shaxmatchilari orasida 7-o'ringa ko'tarildi.
Qayd etilishicha, ushbu natija O'zbekiston terma jamoasi uchun 46-Jahon shaxmat Olimpiadasi oldidan muhim yutuqlardan biri bo'ldi.






