AsosiySUG'DIYONA
12676

Bayram sovg`alari uchun ajoyib g`oyalar

Bayram uchun yaqinlaringizga sovg`a hozirladingizmi? Hoynahoy sovg`alarni qanday o`rab, qay tariqa taqdim etishni bilmay, o`ylanayotgandirsiz? Tashvishlanmang, biz sizni bayram sovg`alari uchun ajoyib g`oyalar bilan tanishtiramiz. Ulardan o`zingizga ma`qul kelganini tanlab, albatta sinab ko`ring.

Noodatiylikni xohlasangiz…

Oilangizdagi ayollarga pardoz buyumlaridan (qalam, tush, lab bo`yog`i) xarid qilgan bo`lsangiz, ularni sochiq salfetka ichiga joylab, taqdim etish mumkin. Buning uchun pardoz buyumini o`lchamiga moslab sochiqqa o`rang-da, o`rtasini biror munchoq bilan bog`lang. Yoki sochiqdan to`rtburchak shakl yasab, mato qiyqimlaridan tasma bog`lash mumkin. Sovg`a egasi qaerda o`tirishi mo`ljallangan bo`lsa, uni ana shu erga likopcha ustiga qo`ying.

Esdalik uchun...

Bu g`oya biroz harajatni talab qilsa-da, natijasi shunga arziydi. Hozir sovg`alar do`konlarida istalgan buyumga siz istagan suratni tushirib berishadi. Ana shu xizmat turidan foydalanib, soat, bokal, futbolka yoki biror quti ustiga ishlov berish mumkin. Asosiysi, suratlarni tanlayotganda biror voqeani esga solib turadiganlaridan foydalaning.

Chin yurakdan...

Erkaklar ayollarga qaraganda ikki-uch qavatga o`ralgan sovg`alarni unchalik xushlashmaydi. Shu sabab turmush o`rtog`ingiz yoki o`g`lingizga sovg`a tayyorlashda ortiqcha dabdabaga berilmang. Deylik, begingiz uchun Hamyon yoki soat sovg`a qilmoqchi bo`lsangiz, uni qutisi bilan bir qavat qog`ozga o`rab, ustiga yurak shaklidagi qog`ozchani yopishtirsangiz, kifoya.

Chin ko`ngildan taqdim etilgan sovg`aning katta-kichigi bo`lmaydi. Asosiysi, sovg`angiz samimiy bo`lsin! 

Boshqa yangiliklar