AsosiySPORT

Makgregor birinchi raundda jarohat olib, Maks Xelloueyga yutqazdi

Yarim o'rta vazn toifasidagi jang birinchi raunddayoq texnik nokaut bilan yakunlandi.

'Makgregor birinchi raundda jarohat olib, Maks Xelloueyga yutqazdi'ning rasmi

Bugun, 12 iyul kuni Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan UFC turnirining asosiy janglaridan birida irlandiyalik mashhur jangovar Konor Makgregor amerikalik Maks Xelloueyga mag‘lub bo‘ldi.

Yarim o‘rta vazn toifasidagi jang birinchi raunddayoq texnik nokaut bilan yakunlandi. Bahsning dastlabki soniyalarida Makgregor zarba berganidan keyin noqulay yiqilib, oyog‘idan jarohat oldi. U jangni davom ettirishga urindi, ammo hakam uning holatini inobatga olib, to‘qnashuvni to‘xtatishga qaror qildi.

Bu ikki jangovar o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv bo‘ldi. Ular ilk bor 2013 yilda oktagonda to‘qnash kelgan va o‘shanda Konor Makgregor hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan edi.

Ma’lumot uchun, 37 yoshli Makgregor aralash yakkakurash (MMA)dagi faoliyati davomida 22 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U avvalroq UFC’ning yarim yengil hamda yengil vazn toifalarida chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan.

34 yoshli Maks Xellouey esa professional faoliyati davomida 28 ta g‘alaba va 9 ta mag‘lubiyatga ega. U 2017–2019 yillarda UFC yarim yengil vazn toifasida chempionlik kamarini saqlab turgan va uni uch marta muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Shundan so‘ng Xellouey chempionlik unvonini qaytarib olish uchun yana uch marta imkoniyatga ega bo‘ldi. Biroq u ikki bor avstraliyalik Aleksandr Volkanovskiga, bir marta esa ispaniyalik Iliya Topuriyaga mag‘lub bo‘lgan edi.

    Boshqa yangiliklar