O'zbekistonlik aralash yakkakurash (MMA) jangchisi Ramazon Temirov Abu-Dabida (BAA) bo'lib o'tgan UFC Fight Night 282 turnirida yana bir yorqin g'alabaga erishdi.
Eng yengil vazn toifasida harakat qilayotgan o'zbekistonlik sportchi turnirning asosiy kardidan oldingi jangda UFC chempionlik kamari uchun sobiq da'vogar, avstraliyalik Stiv Ersegga qarshi oktagonga ko'tarildi.
Jangning dastlabki daqiqalaridanoq faol harakat qilgan Temirov birinchi raund tugashiga 40 soniya qolganda raqibini kuchli zarba bilan nokautga uchratdi. Hakam 4:20 daqiqada jangni to'xtatib, o'zbekistonlik jangchining muddatidan oldingi g'alabasini qayd etdi.
Ushbu natijadan so'ng Ramazon Temirov professional faoliyatidagi 20-g'alabasini qo'lga kiritdi. Uning hisobida, shuningdek, 3 ta mag'lubiyat mavjud. Bu Temirov uchun faoliyatidagi 11-nokaut va birinchi raundda qayd etilgan navbatdagi muddatidan oldingi g'alaba bo'ldi.
29 yoshli jangchi uchun bu UFC'da ketma-ket uchinchi g'alaba hisoblanadi. Bunga qadar u Si Jey Vergarani muddatidan oldin mag'lub etgan, shuningdek, hakamlarning yakdil qarori bilan Charlz Jonsondan ustun kelgan edi.
Stiv Erseg esa professional faoliyatidagi beshinchi mag'lubiyatini qabul qildi. Uning rekordi hozirda 14 g'alaba va 5 mag'lubiyatni tashkil etmoqda. Avstraliyalik jangchi 2024 yil may oyida Alesshandre Pantojaga qarshi UFC chempionlik kamari uchun jang o'tkazgan edi.






