O'zbekiston milliy terma jamoasi va "Surxon" himoyachisi Behruz Karimov faoliyatini Shveytsariyaning "Lugano" klubida davom ettiradi. Bu haqda O'zPFL xabar berdi.
18 yoshli futbolchi Toshkentda tibbiy ko'rikdan o'tib, klub bilan shartnoma imzolagan. Endi u Shveytsariyada ishlash vizasini rasmiylashtirishini kutmoqda. Hujjatlar tayyor bo'lgach, Karimov jamoaning ixtiyoriga yo'l oladi.
Shveytsariyaning Contropiede nashri ham futbolchi "Lugano" bilan shartnoma imzolaganini xabar qildi. Klub transferni hali rasman e'lon qilmagan, biroq bu yaqin kunlarda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Karimov "Odil Junior" tarbiyalanuvchisi. U 2026 yilgi Jahon chempionatida O'zbekiston terma jamoasi safida Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi o'yinlarda maydonga tushgan.
Futbolchining "Lugano"ga o'tishi jamoaning o'ng qanot himoyachisi Mattia Zanotti kelajagi noaniq bo'lib turgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.
"Lugano" Shveytsariya Superligasining dastlabki ikki turidan keyin 6 ochko bilan ikkinchi o'rinda bormoqda.






