Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning to‘yi bo‘lishi haqida tarqalgan xabarlar Madeyrada kutilmagan holatga sabab bo‘ldi. 8 avgust kuni futbolchining minglab muxlislari mashhur juftlikning to‘yini ko‘rish maqsadida Funchal sobori oldiga yig‘ildi. Biroq ular boshqa juftlikning to‘yiga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda xorijiy OAV xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVda Ronaldu hamda Jorjina Rodrigesning Madeyrada nikohdan o‘tishi haqida xabarlar tarqalgan. Shu sababli Funchal sobori oldiga 2 ming nafarga yaqin muxlis va tomoshabin to‘plangan.
Ko‘pchilik Ronaldu va Jorjinani kutayotgan bir paytda sobor oldiga eski "Rolls-Royce" kelgan. Mashinadan tushgan kelinni muxlislar Jorjina Rodriges deb o‘ylagan.
Ayrim muxlislar futbolchining 7-raqamli futbolkasida bo‘lgan, boshqalari esa Ronaldu surati tushirilgan niqob taqqan. Kelinni ko‘rgan mehmonlardan biri esa olomonni tinchlantirib, "Bu Jorjina emas", deb tushuntirishga uringan.
Keyinchalik mazkur soborda Portugaliya fuqarolari Fabio Ramos va Fatima Nikol Kunya Teysheyraning nikoh marosimi bo‘layotgani ma’lum bo‘lgan. Juftlik Madeyrada tug‘ilgan, ammo Fransiyada yashaydi. Ularning yaqinlari va do‘stlari to‘y marosimiga kirish uchun sobor oldida to‘plangan olomon orasidan o‘tishga majbur bo‘lgan.
Marosimni o‘tkazgan ruhoniy Markos Gonsalvesh ham bu to‘yning Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesga hech qanday aloqasi yo‘qligini tasdiqlagan.
Shunga qaramay, Ronaldu muxlislari to‘y marosimiga jiddiy xalaqit bermagan. Kelin va kuyov o‘z nikoh marosimini o‘tkazgan.
Avvalroq Ronaldu va Jorjinaning 2026 yilda, Jahon chempionatidan keyin nikohdan o‘tishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq juftlik hozirgacha to‘yning aniq sanasi va o‘tkaziladigan joyini rasman e’lon qilmagan.






