AsosiySPORT

"Barselona" futbolchisi mashg'ulotda tizzasidan jarohat oldi

20 yoshli futbolchi mashg‘ulot paytida boshqa futbolchi bilan to‘qnashmasdan yiqilgan.

'"Barselona" futbolchisi mashg'ulotda tizzasidan jarohat oldi'ning rasmi

"Barselona"ning shvetsiyalik qanot hujumchisi Runi Bardagji mashg'ulot vaqtida tizzasidan jiddiy jarohat olgan bo'lishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning "Sport" nashri xabar berdi.

20 yoshli futbolchi mashg'ulot paytida boshqa futbolchi bilan to'qnashmasdan yiqilgan. U kuchli og'riq sababli mashg'ulotni davom ettira olmagan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, Bardagji tizza bog'lamlaridan biri, xususan, old xochsimon bog'lamidan jarohat olgan bo'lishi mumkin. Biroq futbolchida aynan shu bog'lam uzilgani hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Jarohatning aniq turi va og'irlik darajasi tibbiy tekshiruvlardan keyin ma'lum bo'ladi. Agar old xochsimon bog'lam uzilgani tasdiqlansa, Bardagji bir necha oyga futboldan chetda qolishi mumkin. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, uning tiklanishi 10 oygacha davom etishi ehtimoli bor.

Bu shvetsiyalik futbolchi uchun tizzasidan olayotgan birinchi jiddiy jarohat emas. U 2024 yil may oyida "Kopengagen" safida o'ynayotgan paytida old xochsimon bog'lamini uzgan va qariyb bir yil futboldan chetda qolgan.

Runi Bardagji 2025 yil iyul oyida "Kopengagen"dan "Barselona"ga o'tgan. Kataloniya klubi futbolchi bilan 2029 yilgacha shartnoma tuzgan.

    Boshqa yangiliklar