"Manchester Siti" hujumchisi Erling Xoland futboldagi qator rekordlari uchun Ginnes Jahon rekordlari tashkilotining to‘rtta rasmiy sertifikatiga ega bo‘ldi. Sertifikatlar futbolchiga jamoaning "Etihad" stadionidagi yangi mavsum oldidan topshirildi.
Norvegiyalik hujumchi quyidagi natijalari bilan Ginnes Jahon rekordlari ro‘yxatiga kiritilgan:
-
UEFA Millatlar ligasida eng ko‘p gol urgan futbolchi — 19 ta gol. Xoland Norvegiya terma jamoasi safida musobaqa tarixida 19 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.
-
Angliya Premer-ligasida 100 ta golga eng tez yetgan futbolchi — 111 ta uchrashuv. Xoland ushbu natijaga 2025 yil 2 dekabr kuni "Fulhem"ga qarshi o‘yinda erishgan.
-
38 uchrashuvlik Premer-liga mavsumida eng ko‘p gol — 36 ta. Xoland 2022/2023 yilgi mavsumda 36 ta gol urib, ushbu rekordni o‘rnatgan. U Muhammad Salahning 32 ta gollik natijasini ortda qoldirgan.
-
Chempionlar ligasining bitta uchrashuvida eng ko‘p gol — 5 ta. Xoland 2023 yil 14 mart kuni "RB Leyptsig"ga qarshi bahsda besh marta gol urgan. Ushbu natijaga undan avval Lionel Messi va Luis Adriano ham erishgan.
26 yoshli Xoland hozirda "Manchester Siti" va Norvegiya terma jamoasining asosiy hujumchilaridan biri hisoblanadi. Ginnes Jahon rekordlari ma’lum qilishicha, futbolchi tashkilotning 2027 yilgi "Football Edition" nashri muqovasidan ham o‘rin olgan.






