Londonning "Chelsi" klubi egalari Todd Bouli va Mark Uolter jamoadagi ulushlarini sotish niyatida. Bu haqda "Financial Times" xabar berdi.
Nashr ma'lumotlariga ko'ra, Bouli va Uolter o'z ulushlarini "Chelsi" aksiyalarining qariyb 60 foiziga egalik qiluvchi Clearlake kompaniyasiga sotish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda.
Todd Bouli va Mark Uolter 2022 yilda klubni Roman Abramovichdan 2,5 milliard funt sterlingga sotib olgan investorlar guruhi tarkibida bo'lgan.
Klub sotib olinganidan keyin Bouli va Uolter "Chelsi" strategiyasi borasida Clearlake bilan bir necha bor kelishmovchiliklarga borgan.
Ayni paytda muzokaralar Mark Uolterning biznes aktivlari turli tartibga soluvchi organlar nazoratiga tushgan bir davrda kechmoqda.
66 yoshli amerikalik tadbirkor ayrim muhim aktivlarini ham sotishga harakat qilmoqda. U yaqinda NBAdagi "Los-Anjeles Leykers" klubidagi ulushini rekord darajadagi 12 milliard dollar bahoga sotgan.
Qayd etish joiz, avvalroq Amazon asoschisi Jeff Bezos ishtirokidagi konsorsium Angliyaning "Liverpul" klubidan ozchilik ulushni sotib olgan edi.






