AsosiyJAMIYAT

Kaspiy dengizida yangi orol paydo bo‘ldi

Kaspiy dengizining Qozog'istonga tegishli qismida yangi orol paydo bo'ldi. Uning paydo bo'lishi dengiz sathining so'nggi yillarda pasayib borayotgani bilan bog'liq.

'Kaspiy dengizida yangi orol paydo bo‘ldi'ning rasmi

Bu haqda “Lada.kz” nashriga “Caspian Holiday” kompaniyasi asoschisi Yerbolat Mukhashov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, yangi paydo bo‘lgan orol Shimoliy Kaspiydagi Svyatoy orolidan sharqda, undan taxminan 500 metr masofada joylashgan. U Mang‘istau viloyati Tupqarag‘an tumanidagi Bautino qishlog‘idan qariyb 30 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Yerbolat Mukhashovning aytishicha, Kaspiy dengizining shimoliy qismida, xususan, kaspiy tyulenlari yashaydigan Kulali, Morskoy, Svyatoy, Podgorniy, Usharal, Mayakshikkan va Dolgiy orollari atrofida so‘nggi 4–5 yil davomida suv sathining pasayishi ortidan yangi quruqliklar paydo bo‘lmoqda. 

Yangi hosil bo‘lgan quruqliklarda bo‘rilar yashaydi. Shuningdek, bu yerlarda yovvoyi cho‘chqalar va bo‘rsiqlar ham uchraydi. Qirg‘oqbo‘yi hududlarida esa turli xil baliq va qushlar mavjud.

Kaspiy dengizining chekinishi natijasida yangi orollar paydo bo‘layotgani avval ham qayd etilgan. Jumladan, 2025 yil may oyida Rossiya Fanlar akademiyasi P.P. Shirshov nomidagi Okeanologiya instituti va Astraxan davlat qo‘riqxonasi mutaxassislari Shimoliy Kaspiyda Maly Jemchujniy orolidan 30 kilometr janubi-g‘arbda yangi orol mavjudligini tasdiqlagan. Uning paydo bo‘lishi Kaspiy dengizi sathining pasayishi bilan izohlangan. 

Shuningdek, 2025 yil boshida NASA sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Ozarbayjon sohillari yaqinida “sarson” orol sifatida qayd etilgan quruqlik paydo bo‘lgani ma’lum qilingan. U 2023 yil boshida loy vulqoni otilishi ortidan suv yuzasiga chiqqan, biroq 2024 yil oxiriga kelib yana suv ostida qolgan.

Mutaxassislar Kaspiy dengizida suv sathining pasayishi davom etayotganini ta’kidlamoqda. Yangi orollarning paydo bo‘lishi ham ushbu jarayonning ko‘rinib turgan belgilaridan biri hisoblanadi. 

    Boshqa yangiliklar