11 sentabr kuni Toshkent shahrida uchta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, uch kishi tan jarohati oldi. Bu haqda poytaxt hokimligi huzuridagi Jamoat transport departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sutka davomida poytaxt ko‘chalarida 1 million 469 ming 748 ta transport vositasi harakatlangan.
Shu kuni 1667 ta avtobus 170 ta yo‘nalish bo‘yicha 20 865 ta qatnovni amalga oshirib, 1 million 415 ming 315 nafar yo‘lovchini tashigan. Toshkent metrosi esa 1 million 11 ming 258 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
YHX qoidalari buzilishi bo‘yicha 9 ta piyodalar yo‘lakchasida harakatlanish, 15 ta noto‘g‘ri to‘xtash, 32 ta to‘xtash qoidalarini buzish va 11 ta "A" yo‘lagida harakatlanish holati qayd etilgan.
Shuningdek, piyodalarning belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishi bilan bog‘liq 18 ta holat aniqlangan.
Qayd etilgan YTHlarda og‘ir tan jarohati yoki o‘lim bilan yakunlangan holatlar bo‘lmagan.






