AsosiySUG'DIYONA

Yomg`ir ostida... Tushkunlikdan xalos bo`lamiz!

Har birimizning hayotimizda noxushliklar bo`lib turadi. Axir buni hayot deb qo`yishibdi. Xo`sh, siz stress tuzog`iga tez ilinadiganlar toifasidanmisiz? Ularga chap berishni, tushkun kayfiyat ustidan g`olib chiqishni qanchalik uddalaysiz? Marhamat, maxsus testimiz orqali savollarga javob toping.

Shartimiz

Bir zum xayolan o`zingizga tanaffus e`lon qiling. Ya`ni bo`lmag`ur o`y-fikrlarni haydab solib, qo`lingizga 2 ta oq varaq oling. Rassomlar kabi betakror surat chizishingiz shartmas. Shunchaki qalam, ruchka, flomaster yoki mo`yqalam bilan birinchi varaqqa inson suratini, ikkinchisiga esa yomg`ir ostidagi odam tasvirini chizing. Ular bir-birini takrorlashi yoki ikkalasi o`rtasida uzviy bog`liqlik bo`lishi shartmas. Qanday istasangiz, shunday chizing. Ya`ni bu bir odamning turli holatdagi ikki xil tasviri bo`lishi mumkin.

 

E`tibor beramiz!

Endi ikkala tasvirga ham diqqat bilan qarang. Ularning bir-biridan farqlarini sezayapsizmi? Birinchi surat sizning hayotdagi qiyinchiliklarga munosabatingizni bildirsa, ikkinchisi esa muamolarni qanday hal qilishingizdan darak beradi. Yomg`ir, bu — stress belgisi.

Savollarga javob bering!

  1. Rang o`zgarishi qanaqa? Suratlarning foni, odamlarning rangi qanaqa? Yomg`ir tomchilarini qanday rangda tasvirlagansiz?
  2. Ikkala suratdagi odam ham bir jins vakilimi?
  3. Ularning yoshlarida tafovut bormi?
  4. Suratlardagi kishilarning o`lchami qanday?
  5. Chizgan suratlaringizda qanaqa detallar bor?
  6. Himoyalanganmiz? Soyabon, yomg`irpo`sh, bekat?

 

Javoblaringizni sharhlaymiz!

  1. Agar siz yomg`ir tomchilarini ham, odamlarni ham, umuman surat chizishda yorqin ranglardan foydalangan bo`lsangiz, demak, inson borki, uning boshiga ish tushadi, deydigan toifadansiz. Stresslar rang-baranglikdan qo`rqadi, hayotni yorqinlashtirish o`z qo`limizda, deb hisoblaysiz. Surat chizishda qora qalam yoki ruchkadan foydalangan bo`lsangiz, biror muammoga duch kelsangiz, hatto u kichik bir hodisa bo`lsa ham, dunyo ko`zingizga qorong`u ko`rinib ketadi. O`zgaring.
  2. Agarki siz ikkala suratda ham yoki ikkinchi rasmda erkak kishini tasvirlangan bo`lsangiz, faol, shart-shurt qaror qabul qiluvchi, masalaga tez echim topuvchilar toifasidansiz. Mabodo ayol kishini chizgan bo`lsangiz, demak, depressiya, ko`z yosh, muammoni echishmas, uni chaynash sizga xos. Birinchi suratda ayol, ikkinchisida erkak, yoki aksincha bo`lsa, o`zgarayapsiz. Qaysi tomongaligi esa suratdagi odamning jinsiga bog`liq.
  3. Birinchi tasvirdagi yosh bola yoki o`smir ikkinchisida ulg`aysa, sizningcha kattalar hamma masalani echa olishadi. Ulg`aysam yoki biror nimaga erishsam (masalan, lavozimim ko`tarilsa, oila qursam), doim kayfiyatim chog` bo`ladi, deb o`ylaysiz. Yana yomg`ir ostidagi odamning yoshi kattaligi muammolarga juda jiddiy qarashingizdan, keksalik esa muammolarni aql bilan echishingizdan dalolat. Suratlardagi yosh bola yig`layotgan yoki o`tirib olgan bo`lsa, demak, muammolar qarshisida ham erkalik qilasiz. Mabodo u o`ynayotgan, raqs tushayotgan, kulayotgan bo`lsa, bolalarcha beg`uborsiz va siz uchun har narsa ham muammo tug`dirmaydi, tug`dirgan taqdirda ham ularni tez engasiz.
  4. Ikkala suratdagi odamlar tasvirining o`lchami qanaqa? Kichik bo`lsa — ko`ngli noziklik, ta`sirchanlik, ojizlikni bildirsa, juda katta tasvirlash asabiylik, jahldorlikni oshkor etadi. O`z yoshingiz va bo`yingizga mosligi, bu — muamolarni «Shunaqasi ham bo`lib turadi-da endi», deya qabul qilish va o`z imkoniyatlaringiz doirasidan echishga urinishingizni bildiradi.
  5. Qora bulutlar — stress holatining sabablarini izlashingizni, ko`lmak esa juda ta`sirchanlik, uzoq vaqt tushkunlik tuzog`idan xalos bo`lolmasligingizni anglatadi. Agar quyosh, kamalak, o`simliklarni aks ettirgan bo`lsangiz, hayot faqat muammolardan iborat emas, har qanday holatda ham inson xursand bo`lishi uchun sabab topiladi, faqat ularni ko`ra bilish kerak, deya fikrlaysiz. Mabodo devor ham chizsangiz, boshga ish tushganda, albatta, kimgadir suyanish lozim, yolg`izlik insonni depressiya botqog`iga yanada g`arq etadi, deya atrofdan najot izlaysiz.
  6. Endi qanday himoyalanganingizga to`xtalamiz:
  • Sizning yomg`ir ostidagi odamingiz hech qanday himoya vositasiga ega bo`lmasa va yuzida tabassum aks etmasa, yomg`ir ostida tursa, rasm detallardan xoli bo`lsa, shu kunlarda o`zingizni yolg`iz, chorasiz, himoyasiz, dunyoning bor tashvishi sizning boshingizda aylanayotgandek his qilayapsiz. Rostan shunaqami? Yoki immunitetingiz stresslarga shunchalik pastmi? Xullas, yaxshilab o`ylab ko`rib, o`zingizni chalg`iting.
  • Qo`lingizda soyabon bor-u, ammo u sizni yomg`irdan himoya qilmayotgan bo`lsa, ya`ni yomg`ir ostida zavqlansangiz, demak, bu dunyoda chorasiz narsaning o`zi yo`q, deb, muammolarni kulib qarshilaysiz.
  • Yomg`ir tomchilari soyabon ustiga tushayotganini tasvirlasangiz, muammo paydo bo`ldimi, uni hal qilish kerak, deb chora ko`rasiz.
  • Yomg`irpo`shga o`ranib olsangiz, xavfni oldindan sezib, uni o`zingizga yo`latmaslik harakatida bo`lasiz.
  • Bekat ostida yomg`ir to`xtashini kutish esa muammolardan qochishingizdan dalolat.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.

Boshqa yangiliklar