AsosiyJinoyat

“Imtiyozli kredit” niqobi ortidagi firibgarlik fosh etildi

Firibgar fuqarodan 1000 dollar olayotganda ushlandi.

'“Imtiyozli kredit” niqobi ortidagi firibgarlik fosh etildi'ning rasmi

Andijonda 300 million so‘mlik imtiyozli kreditni rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 1000 dollar olayotgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament yozmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon shahrida yashovchi, ilgari sudlangan M.T. va X.A. ismli shaxslar fuqaro D.M.ning ishonchiga kirgan. Ular o‘zlarini hududiy tijorat bankida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari borligi bilan tanishtirgan va unga 300 million so‘m imtiyozli kredit olib berishni va’da qilgan.

Ammo pulning hidi kelganda, niyat ham fosh bo‘ldi: ular 1000 dollar olayotgan vaqtida ushlanadi.

Xuddi shunday yana bir holat Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ro‘y berdi. Fuqaro T.E. ismli shaxs N.A. ismli boshqa bir fuqaroning ishonchiga kiradi. Unga Olmaliq shahridagi tijorat banklaridan biridan 150 million so‘mlik imtiyozli kredit olib berishini aytadi. Bu “xizmat”i uchun 1100 dollar talab qiladi. Natija esa bir xil – u ham qo‘lga olinadi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda “imtiyozli kredit olib beraman” degan va’dalar bilan fuqarolarni aldash holatlari ko‘paymoqda. Mutasaddilar esa ogohlantiradi: kredit olish – bu tanish-bilish bilan emas, qonun doirasida hal etilishi lozim bo‘lgan jarayon.

    Boshqa yangiliklar