AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi olib borilayotgan sud ishini to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxuga qo‘yilgan ayblovlar darhol olib tashlanishi kerak.
“Men hozirgina Netanyaxuni sudga chaqirishgani haqida eshitdim. U bu dahshatli “shou”ni 2020 yilning mayidan beri boshidan kechirmoqda – bu misli ko‘rilmagan holat! Bu ishlar sigaralar va yana boshqa ko‘plab adolatsiz ayblovlarga taalluqlidir. Sud darhol bekor qilinishi yoki Netanyaxu afv qilinishi lozim!” degan Tramp.
Qolaversa, Tramp Netanyaxuni o‘zining eng yaqin va uyg‘un ishlagan siyosiy hamkorlaridan biri deb atagan.
“Menimcha, hech kim bilan Netanyaxu bilan bo‘lganchalik uyg‘un ishlamaganman. AQSH qanday qilib Isroilni qutqargan bo‘lsa, endi Netanyaxuni ham qutqaradi”, degan Oq uy rahbari.