AsosiyJAMIYAT

Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevada Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi

Tadbirda mintaqaning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi va buyuk mutafakkirlar merosining bugungi ahamiyati muhokama qilindi.

'Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevada Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi'ning rasmi

2026 yil 22 oktyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma va xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Millatlar saroyida "Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda kitoblar, ilmiy nashrlar, miniatyuralar va Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari hayoti hamda kashfiyotlariga oid materiallar namoyish etildi.

"Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari" mavzusidagi konferensiyada Buxoro, Samarqand va Termizning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi. Tadbirda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.

Konferensiyada BMTning Jenevadagi bo‘linmasi bosh direktori Tatyana Valovaya, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov va boshqa xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar so‘zga chiqdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov markazning xalqaro missiyasi, ilmiy-tadqiqot ishlari va madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali targ‘ib etish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, BMT kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muhokamalarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosining bugungi jamiyat uchun ahamiyati, ilm-fan, bag‘rikenglik va dinlararo muloqot masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va islom sivilizatsiyasi merosiga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmlar ham namoyish etildi. Ko‘rgazmada taqdim etilgan kitoblar BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tadbir O‘zbekistonning boy tarixiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

    Boshqa yangiliklar