O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida aholi bandligi masalasi bo`yicha takliflar kiritdi.
Navbatdagi muhim vazifa – bu bandlik masalasini hal qilishning butun tizimini tubdan o`zgartirish bo`yicha kompleks rahbariyati, hokimlar va ularning birinchi o`rinbosarlari shaxsiy mas`uliyatini oshirishdan iborat.
Birinchidan, hokimlar yangi ish o`rinlari yaratish yuzasidan tasdiqlangan ko`rsatkichlarni, har oy yakuniga ko`ra bajarilishini ta`minlagan taqdirda, ularning ish haqiga 15 foiz qo`shimcha qo`shish bilan rag`batlantiriladi. Ana shu ko`rsatkichlar bajarilishi ta`minlanmasa, aksincha, ularning ish haqidan 15 foiz ushlab qolinadi.
Ikkinchidan, mazkur yo`nalish uchun bevosita javob beradigan hokimlarning birinchi o`rinbosarlari ham shunga mos ravishda ish haqining 20 foizi miqdorida yo rag`batlantiriladi, yo jazolanadi. Bu tartib viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy komplekslari barcha rahbarlariga nisbatan ham qo`llanadi.
Shuning uchun Bosh vazir A.Aripovga, Bosh vazir o`rinbosari R.Azimovga 15 kunlik muddatda ish joylari tashkil etishni moddiy rag`batlantirishga doir taklif etilayotgan ushbu tizimni shu yilning 1 martidan boshlab amaliyotga joriy etish to`g`risida Vazirlar Mahkamasining puxta ishlangan qarorini qabul qilishni topshiraman.