AsosiySUG'DIYONA

Chiqqan qiz chig`iriqdan tashqarimi? Ota-onalarning oilaviy ziddiyatlarga aralashuvi haqida

Farzandingiz ko`chadan yig`lab kelsa, uni ranjitgan beadabning ta`zirini berishga shoshilasiz. Ulg`ayib, birovning oilasiga uzatgan qizingiz eshikdan ko`z yoshlarini oqizib kirib kelsa-chi? Yana qilich-qalqoningizni ko`tarib, o`z haqiqatingizni himoya qilgani otlanasizmi? O`ylab ko`ring: siz endi yosh bolani himoya qilmayapsiz, voyaga etgan, qilmishlariyu qarorlari ustidan javobgarlikni his eta oladigan kap-katta odamning taqdiriga aralashayapsiz. Bu esa ulkan mas`uliyat. Ruhshunos Shahnoza HALILOVA bilan uch taqdir misolida ana shu masalaga baho berishga harakat qilamiz.

«O`z aravamni o`zim qanday tortay?..»

Kichikligimdan ota-onamning chizgan chizig`idan chiqmaganman. Turmush qurish masalasida ham ularning ra`yiga qaradim. Bir yigitni yoqtirardim, biroq u ota-onamga ma`qul kelmadi. Boshqa birovga fotiha qilishgandi, ammo yigitning oilasi borligi ma`lum bo`lib, to`y buzildi. Keyin onamning dugonasiga kelin bo`ldim. Erim bilan yaxshi til topishayotgandik. Biroq onam va qaynonam chiqisholmay qolishdi. Shundan keyin qaynonam menga kun bermaydigan bo`ldi. Buni sezgan onam «Sizga xo`rlatib qo`yadigan qizim yo`q», deya meni ota uyimga olib ketdi. Oilada onamning aytgani-aytgan, shu sababli dadam bunga qarshi bir so`z deyolmadi. Onam va qaynonamning ziddiyatlari sabab oilam buzildi, bir o`g`lim bilan otamnikida yashay boshladim. Lekin endi onamning ko`ziga men yomon ko`rinib qoldim. «Qachongacha sening tashvishingni qilaman? Ukangni uylantirishim kerak. Yo erga teg, yo ro`zg`oringni bo`lak qilib, o`z aravangni o`zing tort», deyapti. Men onamni deb shu ko`yga tushdim, endi egan bir burda nonim ham og`irlik qilayapti. O`zi «ering boqib oladi» deb o`qishga, kasb-hunar egallashga qo`ymagandi. Endi boshimni qay devorga urishni bilmayapman...

Rayhon, 24 yosh

Mutaxassis fikri: — Inson farzandi 9 oy ona vujudida yashagach, biologik jihatdan undan ajraladi. Afsuski, ayrim hollarda bola tug`ilib ham mustaqil yashab ketolmay, onaga bog`lanib qoladi. Onangiz kuchli ayol ekan. Bundaylarni g`arbda «temir xonim» deyishadi. U kishi atrofdagilar uchun ham qaror qabul qiladi, mas`uliyatni zimmasiga oladi. Bunday ayollar bilan yashashning eng oson yo`li — unga tobe bo`lish va u ko`rsatgan yo`ldan yurish. Siz shu yo`lni tanlagansiz. Natijada namunali qiz bo`ldingiz, ammo baxtli ayol emas. Xalqimizda «Ota-ona taxt yaratishi mumkin, lekin baxt yaratib bera olmaydi», degan hikmat bor. Sizning vaziyatingizda ham shunday bo`libdi. Endi onangiz sizga qo`pol tarzda bo`lsa ham «o`z bilganingcha yasha», deyapti. Aslida allaqachon mustaqil qaror qabul qiladigan yoshga etgansiz. Ammo bu reallikni qabul qilish o`rniga maslahat beradigan, to`g`ri yo`l ko`rsatadigan onani endi tashqaridan izlayapsiz. Biroq endi kichkina qizaloq emas, onasiz. Mustaqil yashab keta oladigan insonni tarbiyalash uchun onaning o`zi mustaqil va kuchli bo`lishi kerak. Kasb-hunar egallashning esa kechi yo`q. Baxtsizligingizda atrofdagilarni ayblashni qo`ying, shaxsiy hayotingizga doir qarorlarni o`zingiz qabul qiling, boshqalarga bu huquqni bermang. O`zingizga baxtsizlik hukmini o`qishga esa shoshilmang. Hali butun hayotingiz oldinda!

«O`zim pishirgan osh…»

— Bahodir bilan sinfdosh edik. Maktabni bitirgach, ikki yil yo`limni poyladi, nihoyat, ko`nglimga yo`l topdi. Ota-onamning noroziligiga qaramay, unga turmushga chiqdim. Lekin peshanamga sevganim bilan baxtli bo`lish yozilmagan ekan. Erimning oilasi ham nikohimizga qarshi edi. To`ydan keyin avvalo qaynonam, keyin qaynopayu qaynsingillarim, hatto ovsinim ham menga qarshi turli fitnalar uyushtirib, «uquvsiz kelin», «yomon beka», «epsiz xotin»ga chiqarishga urinishdi. Kamsitishlardan bezib uyga borsam, onam, «Dadang bilmasidan keta qol, qizim. Chidaysan, o`zing pishirgan osh», deb haydagudek izimga qaytardi. Erimning qarindosh-urug`lari esa «Sendan ota-onang ham bezor, yoningni oladigan hech kim yo`q», deya zug`umni kuchaytirishmoqda. Nahotki muhabbat bilan oila qurganim uchun ota-onam mendan voz kechsa?! Ozgina meni qo`llab-quvvatlashsa, kelin bo`lib tushgan xonadonimdagilar ham shunga yarasha muomala qilishardi...

Dilorom, 19 yosh

Mutaxassis fikri: — Inson hayotida bunday inqiroz onlari bekorga ro`y bermaydi. Ularning har biridan xulosa chiqara bilish kerak. Sevganingizga turmushga chiqqaningiz uchun o`zingizni ayblamang. Shunda boshqalar ham sizni ayblamaydi. Eringizning oilasi sizni avval-boshidan qabul qilmagan va o`z pozisiyasini shu paytgacha saqlab kelmoqda. Shubhasiz, siz ulardan hech qachon yaxshi munosabat kutmagansiz, buni hatto tasavvur ham qila olmagansiz. Mana shu erda xato boshlangan. Chunki ulardan yomon munosabat kutish orqali bilib-bilmay o`zingizga nisbatan salbiy tuyg`ularni uyg`otgansiz. Ular esa siz yozgan ssenariyni ijro etishayapti, xolos. Endi pozisiyangizni o`zgartirishga harakat qiling. Ayting-chi, atrofdagilarning sizga munosabati qanday bo`lishini istardingiz? Uni xayolan chizing, yozing, tasavvur qiling. E`tibor bering, eringizning oilasidagi ayollar turli fitnalar uyushtirish yo`li bilan sizni nimadan ayirishayapti? Sevgidanmi? Mehrdanmi? Demak, ularning o`ziga shu etishmayapti. Siz ularni ayblamang, aksincha, baxt tilang. Ularga nisbatan etarlicha mehr-muhabbat ko`rsatilganida naqadar baxtli bo`lishlarini tasavvur qiling. Ularga chiroyli muomala qilib, mehr ko`rsating. Ertangi kuningizni aynan sizning tasavvurlaringiz yaratadi, ularning munosabati emas. Sevgingiz bir sinovdan o`tibdi, lekin ikkinchisiga bardosh berarmikan? Buni vaqt emas, sizning mehr-muhabbatingiz ko`rsatadi. Muhabbatingizni faqat eringiz emas, uning yaqinlari bilan ham baham ko`ring, ularni ham qadrlang, hurmat qiling. Eringiz oilasini boricha qabul qilishingiz uning o`zini qabul qilishingiz, demakdir. Mukofot sifatida siz nafaqat oilaning to`laqonli a`zosi, balki eng sevimli keliniga aylanasiz.

Erka qizning quyilishi

20 yoshimda oila qurgan bo`lsam ham, hamon ota-onamning erkasi edim. Ammo turmush erkaliklarni ko`tarmas ekan. Oilaviy hayotimning ilk besh yili nihoyatda og`ir kechdi. Ketma-ket ikki farzandli bo`lganim uchun tibbiyot institutida o`qishni davom ettirishni o`ylagim ham kelmasdi. Qaynota-qaynonam uzoq viloyatda, biz esa alohida uyda yashardik. Shunday sharoitda ota-onamning yordami bilan o`qishni tugatdim. Uy ishlariga ulgura olmayotganim uchun erimdan ko`p dakki eshitardim. Bir kuni u «hammasi jonga tegdi», deya qishlog`iga ketvordi. Men ham «ajrashaman» deb turib oldim. Shunda dadam, «Qizim, hayotda hech nima osonlik bilan bo`lmaydi. Ajrashishing mumkin. Yoshsan, chiroylisan, boshqa turmush qurishing ham ehtimoldan xoli emas. Biroq bolalaring begona odamning qo`lida o`sadi. Vaqti kelsa, ularning xarxashasi o`zingga yoqmaydi-ku! Begona odam koyisa, jazolasa, chidaysanmi? Birinchi turmush — baribir birinchi turmush. Farzandlaringni ham hech kim o`z otasichalik yaxshi ko`rmaydi. Qaror qabul qilishdan oldin ularni va o`zingni nimadan mahrum etayotganingni o`yla. Ammo biz har qanday vaziyatda ham seni qo`llaymiz», dedi. Bu gaplar menga qattiq ta`sir qildi. Birinchi marta mag`rur boshimni egib, erimga qo`ng`iroq qildim va kechirim so`radim. Mana, 15 yildirki, baxtli hayot kechiryapmiz. Yaxshiyam ota-onam o`shanda meni katta xatodan asrab qolishgan ekan.

Ra`no, 35 yosh

Mutaxassis fikri: — Bu vaziyatda ota-ona ruhshunos vazifasini bajargan va vaziyatga juda to`g`ri baho bergan. Farzandi uchun o`zi qaror qabul qilmagan, balki muammoning ehtimolli echim variantlarini taklif qilgan. Natijada qabul qilingan qaror ustidan qiz mas`uliyatni o`z zimmasiga ola bildi va hayotini to`g`ri yo`lga qo`ydi. Bunda ota-onaning birinchi vazifasi — farzandini eshitish. Ayrim hollarda shunchaki ko`ngilni bo`shatib olish ham kishidagi ruhiy zo`riqishni yo`qotib, to`g`ri qaror qabul qilishga yordam beradi. Ota-ona yosh oila ishlariga aralashavermay, shunchaki farzandlarini ruhan qo`llab-quvvatlash orqali ham ularning baxtini saqlab qolishi mumkin. Faqat vaziyat jiddiy tus olgandagina bevosita aralashuv zarurati tug`iladi.

Xulosa

To`g`ri, ota-ona farzandiga yomonlikni ravo ko`rmaydi. Biroq istamagan holda ham xato qilish mumkin. Farzandlar o`zi qilgan xatoning achchiq mevasini totganlari barobarida saboq ham oladilar. Yaxshisi, ularga shu imkoniyatni bergan ma`qulmikan… Nima dedingiz?

Shahnoza SOATOVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar