AsosiySUG'DIYONA

To`ydan keyingi muhabbat haqida 10 afsona

Mustahkam oila – muammolarsiz emas,

balki ularni hal etishga qodir oiladir.

Ellik yil birga yashagan er-xotinning oltin to`yida choldan so`rashayapti:

– Ota, shuncha yillik turmush davomida nahotki biror marotaba bo`lsin ajrashish fikri xayolingizga kelmagan?

– Ochig`ini aytsam, kampirimni o`ldirib qo`yar darajada g`azablangan damlarim bo`lgan, lekin ajrashishni hech o`ylamaganman. Axir o`rtada farzandlar bor-ku!

Ana shunaqa gaplar! Taqdirni buzib bo`lmaydi. Ba`zan eng salbiy hislarni begonalar emas, aynan atrofimizdagilar, yaqinlarimizga nisbatan tuyamiz. Nega? Chunki biz umrimizning ko`p qismini ular bilan o`tkazamiz. Yaqinlarimizga har tomonlama qattiq bog`liqmiz: sirlaridan xabardormiz, odatdagi hazillarini har kuni bir necha marotabadan eshitib, kulgimiz kelmasa-da, kulishga, ularning xurraklaridan tunlarni bedor o`tkazishga, kamchiliklariga ko`nishga (yoki ularni bartaraf etaman deb har safar chuchvarani xom sanashga) majburmiz. Xo`sh, nega chidaymiz? Gap faqat farzandlardami? Axir bir emas, bir necha farzandlar bo`lsa ham, oila rishtalarini uzganlar qancha? Aslida esa hamma gap muhabbatda! Biz tan olamizmi, yo`qmi, bundan qat`iy nazar, muhabbat yo`q ekan, hech bir oila mustahkam bo`lmaydi.

Haqiqiy sevgi qanaqa bo`ladi?

Muhabbat deganda biz dostonlarda kuylangan, filmlarda madh etilgan, to`ygacha ming oh bilan tilga olinib, to`ydan keyin keraksiz matohdek uloqtirilgan romantik hislarni emas, balki hayot sinovlaridan o`ta bilgan, balki shu sinovlarga bardosh berish jarayonida tug`ilgan, er-xotinning o`ziga ham bildirmay bir-biriga umrbod bog`lagan rishta haqida gapirmoqdamiz.

To`ygacha yigit va qiz tanishar ekan, har ikki taraf o`zining yaxshi tomonlarini namoyish etish bilan birga narigi tomonning qusur va fazilatlari, imkon va dunyoqarashlarini bilishga intiladi. Biz bu davrda muhabbatdan g`oyatda ko`p narsa kutamiz, uni ilohiylashtiramiz. Shu sababli ham to`ydan keyin kutganlarimiz amalga oshmay, ilk oylardayoq juftimizdan ko`nglimiz xira bo`la boshlaydi. Aynan shu tufayli ham ba`zan arzimagan narsa uchun sevimli insonimizdan qattiq ranjiymiz va hatto uning o`zini ham qattiq ranjitamiz.

Aslida boshqacha bo`lishi kerakmi?

Quyida sizga muhabbat haqidagi bir necha xato fikrlarni keltiramiz:

 

1. Agar meni sevganingizda edi, fikrlarim, istaklarim, tuyg`ularimni anglagan va ularni ro`yobga chiqargan bo`lardingiz.

Kechirasizu, siz bu inson bilan etarli darajada uzoq yashamagansiz. Bir necha oy yoki yil uchrashib yurgan, ammo hali bir tom ostida yashab ko`rmagan insoningiz qanday qilib sizning fikrlaringiz, istaklaringiz, tuyg`ularingizni so`zsiz anglashi mumkin? Axir, bir qorindan talashib tushgan jigarlar, hatto ota-bola ham ba`zida bir-birini tushunishmaydi-ku!

2. Agar meni sevganingizda, gaplarimga so`zsiz bo`ysungan bo`lardingiz. Xohishlaringiz mening istaklarim bilan aynan o`xshash bo`lardi. Men yoqtirgan narsalarni siz ham yoqtirardingiz.

Bunday fikr o`taketgan xudbin insonlardagina bo`ladi. Har bir inson alohida bir  shaxs, uning o`ziga xosligi, shaxs sifatidagi ichki ustuni bor. Agar u o`zligini tamoman unutib, faqat sizning istaklaringiz bilan yashasa, shaxs sifatida o`ladi. Qolaversa, muhabbat, bu — o`zgani emas, balki o`z nafsini bo`ysundirishdir. Balki siz uning istaklari, tuyg`ulari bilan qiziqib, bo`ysunishni boshlab berarsiz?

3. Azoblanayotgan bo`lsam, siz buning sababini bartaraf etishingiz shart. Shundagina muhabbatingizga ishonaman.

Aytaylik, oyog`ingizga zirapcha kirdi. U sizga azob bermoqda. Uni olib tashlagan jarrohni faqat shu ishi uchungina sevib qolmaysiz-ku! Axir u o`z burchini bajardi. Qolaversa, u – professional shifokor, yana kim buni undan yaxshiroq amalga oshirishi mumkin? Sizni jarrohga olib borgan yoki qaytguningizcha zirapchasi oyog`ingizga botgan joyni randalab, tekislab qo`ygan insonni-chi? Bu qilmishi uning muhabbatidan dalolat emasmi? Aslida juftingizning muhabbati haqida bunchalar bo`lmag`ur xayollarga borib, o`zingizni o`zingiz azoblayapsiz-ku!

4. Meni sevsangiz, men istaganimdek inson bo`lishingiz kerak.

Ol-a! Nega endi? Siz uni qanday bo`lsa, shundayligicha sevishga urinib ko`ring. Turmush o`rtog`ingizni o`zgartirgandan ko`ra, shunisi ma`qulroq, ham osonroq. Yoshi 20 dan o`tib, 30 ga qarab ketayotgan inson o`zining odatlari, tarbiyasi, mushahadayu dunyoqarashiga ega va bular unga bolaligidan singdirilgan. Siz esa bir necha oy yoki yil davomida buni o`zgartirmoqchimisiz? Yana hech qanday mehnat qilmay, shunchaki ahmoqona shartlar qo`yish yo`li bilan-a? Kechirasizu, bunisi – fantastika!

5. Agar men istagan inson bo`lganingizda, dunyodagi eng baxtli ayol bo`lardim.

Baxt haqidagi tushunchangiz sayozligidan dalolat beruvchi bu o`yni darrov miyangizdan chiqarib tashlang. Ba`zi ayollar erlarini o`zlari istagan insonga aylantirish umidida poshnasi ostiga olib ezishga tushadilar. Qarabsizki, bir paytlar dadil, jur`atli, shijoatli va hamma narsaga qodir yigitni xotinidan qo`rqadigan noshudga aylantirib qo`yadilar. Oqibatda yana o`zlari norozi bo`ladilar: «Erimning qo`lidan ish kelmaydi, butun ro`zg`or mas`uliyatini o`z zimmamga olishimga to`g`ri kelayapti». O`ylab ko`ring, siz shunday erga munosibmisiz? Yo`q, deysizmi? Unda jufti halolingizning bor fazilatlarini qadrlashga o`rganing.

6. Sevsangiz, men uchun, oilamiz va farzandlaringiz uchun nimadir qiling.

Ba`zida bu jumla orqasidan «Hoziroq!» degan undov ham qo`shiladi. Erkaklar esa aksiga olib, shu ohangni yomon ko`radilar. Dono ayol hech qachon oilasi va farzandlarini garovga qo`yib, eridan tuyg`ularining isbotini talab qilmaydi. Bunday ohangdagi talab hech qachon erkak tomonidan qondirilmaydi. Siz o`zingiz xato qilganingiz etmaganidek, juftingizni ham umridagi eng ulkan xatoni qilishga undayapsiz. Ko`pincha bunday tahdiddan keyin erkaklar duch kelgan birinchi qarorni o`ylamay qabul qiladilar. Bundan esa siz ham, u ham zarar ko`rasiz.

7. Oila qurgandan keyin o`zingiz uchun yashashni tashlang. Endi faqat men va farzandlar uchun yashaysiz.

Albatta, inson zoti zurriyodini deb yashaydi. Bu uning tabiatiga Yaratgan tomonidan singdirilgan xususiyat. Lekin birovning og`zidan majburiyat sifatida uqdirilgan bu so`zlar aks natija berishi mumkin. Eringizning o`jarligi tutib, aytganingizning aksini qila boshlaydi. Qolaversa, hayotiga siz kirib kelguningizga qadar ham u yashagan, kimdandir qarzdor, kimdandir minnatdor bo`lgan. Masalan, ota-onasidan, jigarlaridan... Farzandlar uning kelajagi bo`lsa, bular o`tmishidir. Faqat sizlarni deb yashash ulardan voz kechish, degani emas-da!

8. Sevaman deysiz-u, evaziga nimadir talab qilasiz. Muhabbat beminnat bo`lishi kerak.

Bu dunyoda beminnat hech narsa yo`q. Hamma narsaning o`z bahosi va badali bor. Juftingiz sizga sarf qilayotgan vaqti, moddiy vositalari, tuyg`ulari evaziga sizdan ham e`tibor, iliqlik va mehr kutadi. Ko`ngil ko`ngildan suv ichadi, deyishadi-ku! Ayollar uchun sevilish muhimroq, bizni sevgan insonni Xudo yo`liga ham sevib keta olamiz. Erkaklar esa tuyg`ularining badalini so`rashadi. Buni to`g`ri qabul qilish kerak.

9. Men bilan bir umr birga bo`lishingizga ishonmayman. Axiyri bir kun tashlab ketasiz. Sevsangiz, bunday emasligiga meni ishontiring.

Axir, tashlab ketmayapti-ku! Yoningizda-ku! Bundan ortiq qanday isbot kerak? Lekin hadeb yuqoridagi gapni takrorlayversangiz, «ana bo`lmasa», deb jahl ustida ketib qolishi ham mumkin. Ochiq-oydin narsaga isbot talab qilinmaydi. Siz yaxshisi o`zingizga nisbatan ishonchingizni orttiring. Men shunaqamanki, erim hech qachon meni tashlab ketmaydi, deng. Yaxshi niyat – yarim davlat, deyishgan. Hamma ham niyatiga yarashasiga ega bo`ladi.

10. Agar muhabbatingiz chin bo`lsa, tunu kun mening yonimda bo`ling.

Iya, ro`zg`orga kim qaraydi, oilani kim boqadi? Ba`zi ayollar shu darajada qizg`anchiq bo`lishadiki, erlari biror soatga tashqariga chiqsa ham, qo`ng`iroq qilaverib, qaerda, kim bilan, nima qilayotganini so`rab, bezor qilishadi. Sizni qanchalar sevmasin, uning o`z shaxsiy hayoti, hatto siz ham dahl qila olmaydigan erkin hududi bo`lishi kerak. Unga bu huquqni bering. Yo`qsa, u butunlay erkinlik istab qolishi ham mumkin.

Xulosa

Hammamiz bitta dunyoda yashaymiz, lekin dunyoqarashlarimiz turlicha. Ikki inson yonma-yon bir narsaga qarab, bir ovozni eshitib turib, umuman boshqa-boshqa taassurot oladi. Shunga ko`ra, bizning shaxsiy qadriyatlarimiz, xulosalarimiz ham shakllanadi. Ammo oila muntazam mehnat va muttasil murosa, demakdir. Unda har kuni biron narsadan voz kechish va har daqiqada kichik bo`lsa-da, bir g`alabaga erishish kerak. Shunda vaqti kelib, nikohingizning 50, 60, 75 yillik to`ylarida maqolamiz boshidagi otaxon kabi «O`ldirsam, o`ldiraman-u, ammo ajrashmayman», deydigan darajadagi muhabbatga ega bo`lasiz.

Shahnoza TO`RAXO`JAVEA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar