AsosiyDunyo
7173

​Bog`cha tarbiyachisi 2 yoshli bolani liftda unutib qoldirdi (Video)

'​Bog`cha tarbiyachisi 2 yoshli bolani liftda unutib qoldirdi (Video)'ning rasmi

Ufa shahridagi xususiy bog`chalardan birining tarbiyachisi 2 yoshli bolani liftda unutib qoldirdi, deb xabar berdi “Tvzvezda.ru” nashri.

24 yanvar kuni bo`lib o`tgan voqeani kuzatuv kamerasi videoga oldi.

Kadrda tarbiyachining bir necha bola bilan liftga kirib kelgani, keyin eshik yopilgani, ular chiqib ketayotganda bolalardan birining liftda yolg`iz qolib ketgani aks etgan. Bola bundan sarosimaga tushmay, yoshiga xos bo`lmagan tarzda mulohaza yuritib, lift tugmachasiga intilib, uni bosishga harakat qildi. Birozdan keyin eshik ochildi va tarbiyachi kelib, bolani olib ketdi.

Konserj ayolning aytishicha, kuzatuv kamerasi orqali liftda yolg`iz qolgan bolani ko`rgach, to`polon ko`targan.

“Qanday qilib odam bu darajada e`tiborsiz bo`lishi mumkin? Axir bola degani, bir qop kartoshka degani emas-ku! Bolani ham unutib, qoldirib bo`ladimi? Unga biror kor-hol bo`lganda nima bo`lardi?”, deb jahl qildi ayol.

Ammo bog`cha mudirasi Yuliya bolani hech kim unutib qoldirmaganligini ta`kidladi.

“Aslida vaziyat siz o`ylaganchalik jiddiy emas, ba`zi birovlar bu video orqali bog`chamiz nomiga dog` tushirishni xohlagan, xolos. Bola hamma qatori chiqishga ulgurmay qolgan, atigi bir necha soniyadan keyin lift eshigi qayta ochilgan va tarbiyachi bolani liftdan olib chiqqan”, deb voqeaga izoh berdi u.

U xususiy bog`cha joylashgan mazkur uyning konserji har doim bog`cha xodimlaridan, bolalarini bog`chaga olib kelib, olib ketadigan ota-onalardan shikoyat qilishini ma`lum qildi.

“Bolalarni toza havoga sayrga olib chiqishimiz, muntazam ravishda ota-onalarning kelib-ketishi konserj ayolga yoqmaydi. U har doim uyni biz iflos qilayotganimizdan noliydi. Bo`lar-bo`lmasga eshik qo`ng`irog`ini bosib, bolalarni uyg`otadi, janjal ko`taradi”, deb axborot berdi bog`cha mudirasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar