AsosiyJamiyat

​Prezident Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi

'​Prezident Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti Xorazm viloyatida ham ulkan o`zgarishlarga zamin yaratdi. Shaharu tumanlarda keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari, istiqbolli investisiyaviy loyihalar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 22 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida 308 million dollardan ortiq investisiya hisobidan 432 sanoat korxonasi tashkil etildi.

Shavkat Mirziyoev 2016 yil 11 noyabr kuni Shovot tumanida bo`lib o`tgan saylovoldi uchrashuvida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Xorazm viloyati iqtisodiyotini ham modernizasiya qilish, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik, tibbiyot, turizm, san`at va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga oid aniq rejalarni bayon etgan edi.

Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu rejalar qanday amalga oshirilayotgani bilan tanishish, hudud taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarish masalalariga bag`ishlandi.

Prezidentimizning viloyatga tashrifi Xivadagi Ichan-qal`a majmuasidan boshlandi.

Muzey-qo`riqxona – Ichan-qal`a majmuasi xalqimiz tarixi, madaniyati, ilm-fani, qadimiy me`morlik va hunarmandlik an`analarini mujassam etgan. Insoniyatning bebaho boyligi sifatida YuNESKOning jahon merosi durdonalari ro`yxatiga kiritilgan. Muzey fondida 38 ming 561 eksponat bor. 2016 yilda Ichan-qal`aga 75 mingga yaqin kishi, jumladan, 84 mamlakatdan 34 ming sayyoh kelgan.

Xorazmda bunday tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar juda ko`p. Ular zamon talablari asosida ta`mirlanib, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanib borayotir. 2016 yilda xorijlik sayyohlarga ko`rsatilgan xizmatlar eksporti 2013 yilga nisbatan 20 foiz oshgan.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

Boshqa yangiliklar