Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey shoshilinch ravishda o`tkazilgan brifingda polisiya Manchesterda teraktni amalga oshirishda gumonlangan terrorchining shaxsini aniqlaganini ma`lum qildi, deb xabar berdi Gazeta.ru nashri.
“Polisiya va xavfsizlik xizmati jinoyatchining shaxsini aniqladi”, dedi Mey. Ammo u gumonlanayotgan odamning ismi-sharifini oshkor etmadi.
Mey matbuot uchun yana yangi brifing o`tkazilishini ma`lum qildi. Tereza Mey teraktda halok bo`lganlarning yaqinlariga, oila a`zolariga ta`ziya izhor etdi.
22 may kuni “Manchester Arene” stadionida konsert bo`layotgan edi. Xonanda Ariana Grande so`nggi qo`shig`ini ijro etib, sahnani tark etgach, kuchli portlash ovozi yangradi. Minglab tomoshabin o`tirgan stadionda bolalar va o`smirlar ham bo`lgan. Manchester shahar stadionida ro`y bergan terakt 22 kishining hayotiga zomin bo`ldi. Yaralangan 59 nafar odam turli tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizildi.