AsosiySUG'DIYONA

​“Erim ziqna! Mendan pulini qizg`anadi…”

'​“Erim ziqna! Mendan pulini qizg`anadi…”'ning rasmi

Oila ta`minoti azal-azaldan erkakning bo`ynida. Qolaversa, er kishi bir ayolni tanmahramlikka olar ekan, uning moddiy ehtiyojlari uchun ham javobgar sanaladi. Ammo besh barmog`imiz teng bo`lmaganidek, hayotda turli fe`lli odamlar bor, jumladan, tiyinini tiyiniga uradiganlar ham uchraydi. Bu gal «Turmush o`rtog`im ziqna», deydigan ayollarning vaziyatlarini ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan tahlil qilamiz.

1-vaziyat: “Aybim uyda o`tirganimmi?”

— Turmushga chiqqanimga besh yildan oshdi. Erimga ikki pahlavondek o`g`il tug`ib bergan bo`lsam ham, meni zig`ircha hurmat qilmaydi. Na ust-bosh olishimga pul beradi, na boshqa mayda-chuydalarimga. Іatto, ota-onamnikiga boradigan bo`lsam, qo`limga yo`lkira uchun besh ming so`mgina pul tutqazadi. Yo`lda turli holat bo`lishi, qizlik uyimga so`ppayib borishni istamasligimni inobatga olmasligi alam qiladi.

2-vaziyat: «Unga qarab qolgan kunim yo`q...»

— Uch farzandim bor, uy-joyim but, xo`jayinimning topish-tutishi yaxshi ham gapmi, zo`r. Ammo, mana, oilaviy hayotimizga o`n besh yil to`layapti hamki, menga na pul, na gul, na biror nima sotib olib beradi. Farzandlarimizdan pulini ayamasligi sabab ham tishimni-tishimga qo`yib yashayapman. Ikki yil oldin o`zim aka-ukamdan qarz ko`tarib, do`kon ochdim. Erimning qo`liga qarab qolgan kunim yo`q. Biroq endi-endi turmush o`rtog`im nafaqat pulini, mehr-e`tiborini mendan qizg`anishini anglayapman...

Muammo kimda?

Ayollar, erni xasislikda ayblab o`tirgandan ko`ra, muammoning o`zimizga borib taqaladigan uchlarini ko`rib chiqamiz.

Nega aynan sizga taqdir ziqna insonni ro`baro` qildi? Axir o`zingiz ham uning qilig`i bo`g`zingizga tiqilganda goh oshkora, goh pinhona «Shuncha nomzodlar bor edi? Nima uchun uni tanladim?» deya kuyinasiz-ku! Bu dunyoda hech nima bekorga bo`lmaydi, hech kim hech kim bilan bekorga uchrashmaydi. Іar bir voqea — saboq, har bir uchratgan insonimiz ustozdir. Biz ko`pincha o`zimizda inkor etgan jihatlarni boshqada ko`rsak, norozilanamiz. Yoki tanlaganimiz qaysidir shartlarimizga (masalan, erkak kishi hotamtoy bo`lishi kerak, ayniqsa, ayoliga nisbatan) javob bermasa, o`zimizni baxtsiz sanay boshlaymiz. Іayotda turli taqdirlar, turfa insonlar bo`lishini tan olgimiz kelmaganidanmasmi bu? Juftliklar-ku bir-birini to`ldirib yashashlari kerakmasmi? Deylik, siz o`ta qo`li ochiq, pulni oldi-orqasiga qaramasdan sarflaydigan ayolsiz, sizga saboq berish uchun ham ziqna erkak bilan taqdiringiz bog`lanmaganmi? Shular haqida mulohaza yuritib ko`rsangiz, eringizning bu fe`lini qabul qilishingiz oson kechadi.

Nima uchun u aynan sizga nisbatan ziqnalik qiladi? «Іam sha`riy, ham qonuniy rafiqasi bo`lsam, zurriyotlarini dunyoga keltirgan, uyda xizmatini qilib o`tirgan xotinini ham shunday xo`rlaydimi?» Bu savol bir bor bo`lsa-da, xayolingizdan o`tgan. Ammo negadir eringizni qiynamaydi? Sabablari esa quyidagicha:

Siz o`zingizni mana shunday munosabatga munosib ko`rgansiz! Ya`ni o`zingizni sevmaysiz, qadrlamaysiz, o`zingizga eng yaxshi narsalarni ravo ko`rmaysiz. «Er, bolalar, qaynota-qaynona, qaynsingillar, ro`zg`or — hamma muammolar hal bo`lsin, keyin mening navbatim keladi», deb yashaysiz. Adashasiz, sizga navbat kelguncha eringizning cho`ntagi qurimasa ham, xotiniga ham nimadir ilinish istagi o`ladi. Yana u o`zini ovutib ham qo`yadi: «Jim yuribdimi, demak, shartmas!» foto: onasi, singlisiga sovg`a berayotgan erkak

Uy bekasi roliga qattiq kirishib ketgansiz. Natijada, xafa bo`lmang-u, xizmatkorga aylanib qolgansiz. Kuningizni to`rt devor o`rtasida yugurib, hali u yoqni yarqiratish, hali bu yoqni yarqitish, o`choq boshida kuymalanish kabilar bilan o`tkazasiz. Shu uyning ishidan boshqa tashvishingiz ham, qiziqishingiz ham yo`q. Qani ayting-chi, turmush o`rtog`ingiz sizga nima uchun pul bersin? Kiyim-kechak, pardoz-andoz uchunmi? Eringiz hech bir qiziqishi yo`q, hatto o`zining tashqi ko`rinishiga ham e`tibor bermaydigan ayoliga nima sababdan pul kerakligini bilmagani uchun ham «Uyda o`tirgan ayolga hech narsa shartmas» degan xulosaga kelib qolgan bo`lishi ehtimoli yuqori. Foto: yozuvchi tablichka ko`tarib olgan ayol, unga uy bekasi deb yozilgan

O`zingiz uni xasisga aylantirgansiz. Bolaligimizdan qulog`imizga «Qiz bola hamma gapga xo`p-xo`p deyishi kerak», deya quyilgan. Ammo bu degani hamma istaklarimizdan, ehtiyojlarimizdan voz kechishimiz shart deganimas-ku! Umr yo`ldoshingizdan ortiqcha besh ming so`m so`ray olmayotgan ekansiz, demak, o`zingizdan ham o`tgan joyi bor. Balkim birinchi bor ota uyga yo`l olayotganingizda «Yo`q, besh ming so`m ham etadi, borishga ikki yarim ming, qaytishga ikki yarim ming», deya o`zingizni tejamkor qilib ko`rsatish uchun qo`lingizga sal ko`proq pul tutqazgan eringizni rad qilgandirsiz? «Bu safar mayli, bir amallarman», deya zaruratingizdan voz kechgandirsiz?

Uddaburon emasmiz. Aynan ro`zg`or tutimida. Sizga pul ishonib bo`lmasligi sabab ham u qo`lingizga bir tiyin ham tutqazmaydi. Bozorlik, bolalarning kam-ko`stiga qarayotgan erkakni tamoman ziqna deb atolmaymiz-da. Foto: chyot rasmi

Istaklaringizni ifodalay olmaysiz. Uyalasiz, qo`rqasiz yoki «O`zi bilsin», deya katta ketasiz. Erkakka undan nima istashingizni, nima kutayotganingizni aniq-tiniq qilib aytishingiz lozim. «Falon do`konda falondaqa oyoq kiyim ko`rdim, shuni olishim kerak», deb. Yoki «Menga har oy mayda-chuydalarim uchun mana shuncha pul kerak», deya nozu ishva bilan so`rasangiz, olam guliston bo`lishi hech gapmas. «Ko`rayapti-ku, bilayapti-ku, o`zi olib keladi», desangiz, o`tiraverasiz. Erkaklarning ko`pchiligi aniq hisob-kitoblar bilan ish yuritadi. Bolalar yoki o`zining ehtiyoji uchun bozor yo do`konga kirsa, xotiniga nima zarurligi-yu nima yoqishini bilmasligidan ham sizga hech narsa olmasdan chiqib kelaveradi. Foto: eri biror nima olib kelayotganini xayol qilib turgan ayol, oblochkada

O`zgartirishning iloji bormi?

Ayol erining unga nisbatan xasisona munosabatini o`zgartirish uchun avval o`ziga bo`lgan munosabatni o`zgartirishi lozim. Yuqoridagi sabablarni bartaraf qilib, ayollik xususiyatlarini shalklantirsa, turmush o`rtog`i ham unga bolalarining onasi yoki uyi, osh-ovqatiga qarab o`tiruvchisi emas, ayol sifatida qaray boshlaydi.

Unutmang, sizning ayol sifatida to`rt rolingiz bor. Ularning hammasini risoladagidek va o`z o`rnida ijro qilolsangizgina, turmush o`rtog`ingizning hurmatiga sazovor bo`lasiz.

1-obraz: uy bekasi. Vazifalaringiz — xonadonning sarishta-saranjom tutish, shirin taomlar tayyorlay bilish, bolalarni oq yuvib-oq tarash, erning topganini to`g`ri sarflash kabilar.

2-obraz: jozibali ayol. Eri doim u tomon oshiqadigan, turmush o`rtog`ining ko`nglini ola biladigan, erkakni ilhomlantiradigan, juftini nozik munosabatlarda rozi qila oladigan rafiqa bo`lishingiz talab etiladi.

3-obraz: qizaloq. Ya`ni doim erining himoyasiga muhtoj, o`ziga yarasha erkakliklari bor, turmush o`rtog`ini boricha sevadigan, beg`ubor, quvnoq, biroz shaddod va o`yinqaroq ayol qiyofasiga kirsangiz, turmush o`rtog`ingiz tog`dek qalqoningiz aylanadi.

4-obraz: qirolicha. O`z o`rnini, qadrini biladigan ayol. U chegaralarini himoya qiladi, kimdir xo`rlashiga yo`l qo`ymaydi, kezi kelganida oilasini asrash uchun kurashadi, nazorat qiladi, vaziyatni boshqaradi.

Ayol ishlasa, hammasi hal bo`ladi?!

Avvalo, yuqorida ta`kidlaganimizdek, eringizni shu fe`l-atvori bilan qabul qiling. So`ngra o`z ustingizda ishlang. Bu do`kon ochish yoki boshqa tadbirkorlik ishlari qilishdan ko`ra samaraliroq. Siz pul topib, o`z moddiy ehtiyojlaringizni qondirishingiz mumkin, ammo ko`nglingizdagi bo`shliq bo`shligicha qolib ketaveradi. Chunki aslida mehr, e`tibor istayapsiz. Erkak esa odatda moddiy narsalar bilan e`tiborini qisman bo`lsa-da ifodalaydi.

To`g`ri, xasislik qon-qoniga singib ketgan odamdan umid qilib o`tirish ham yaramaydi. Ishlang, harakat qiling, ammo nima uchun ishlayotganingizni unutmang. Bir so`m topgan kishi ikki so`m topgisi keladi, keyin besh so`mni ko`zlaydi. Qarabsizki, ayol boshingizga ro`zg`or, bolalar tashvishidan tashqari yana bir dunyo ishni sotib olasiz. O`zingizga vaqt ajratmaysiz, eringizning ko`ngliga qarashni unutasiz, ba`zida esa qo`lingiz pul ko`rib, bosar-tusaringizni bilmay qolasiz. Natijada, oilangizdan halovat yo`qoladi, ayollik xususiyatlaringizning o`rnini erkakcha harakatlar egallaydi. Shuning uchun doim me`yorni biling va ishlaysizmi-yo`qmi avvalo o`zingizga e`tiborli bo`lib turmush o`rtog`ingizning diqqatini torting. Eringizning o`rniga ham oila boqish kabi vazifalarini bajarib, o`zingiznikilarni unutib qo`ymang.

Amaliy mashq

Qo`lingizga qog`oz va qalam oling-da, quyidagi ikki savolga javob yozing.

1-savol: Men ayol sifatida nimalarga arziyman?

2-savol: Mening ayol sifatida qanday yutuqlarim bor?

Oldiniga javob yozishga qiynalishingiz mumkin. Lekin yaxshilab o`ylab ko`ring, nahot siz yaxshi, chiroyli va o`zingiz istagandek yashashga arzimasangiz? Nahot, hech yutug`ingiz bo`lmasa? Balkim juda didlidirsiz, qo`li gul pazanda bo`lishingiz ham mumkin, «5» bahoga loyiq kelin, turmush o`rtog`ining ko`nglini zabt etgan rafiqa — albatta, bu kabi sifatlaringiz juda ko`p. Ularni yuzaga chiqaring. O`zingizni anglang, shunda muammolaringiz echimini topadi.

Aziza ALIMOVA tayyorladi.

O`ziga pulni ayaydigan ayol, erkakda yagona hisni uyg`otadi – undan pulni ayashni!

Erix Mariya REMARK

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar