1

Suriyalik qochqin qiz hikoyasi: "Bir oyda oilamdan, vatanimdan ayrildim..."

Mutolaa 24.07.2017, 13:55
Suriyalik qochqin qiz hikoyasi: "Bir oyda oilamdan, vatanimdan ayrildim..."

Muallifdan: Bu voqea tasavvurim mahsuli emas, bugungi kunimizda odamlar yashayotgan hayotdir. Biz ularni bilmaymiz, biz urush nimaligini bilmaymiz, bizning tashvishlarimiz nari borsa tirikchilik. Ammo dunyoning shunday nuqtalari borki, u erda odamlar tirikchilik emas, tiriklik uchun kurashayapti. Biz uchun eng bebaho ne`mat — tinchlikning qadrini yana bir bor anglashimiz uchun bu hikoya yozildi.

Xonaning birorta derazasi yo`q, to`rt tomoni beton devor. Qorong`u, dim va rutubatli. Bu erda yarim soat o`tirgan kishining mazasi qochadi. Biz esa mana to`rt oydan beri opam, men va to`rt yashar jiyancham — uch ojiza shu erda yashayapmiz. Lekin shu joy ham menga Jannatdek tuyulayapti. Chunki o`qlar otilmaydi, bombalar portlamaydi, onalar, otalar, bolalar o`lmaydi, ertalab tirik uyg`onarmikanman degan xavotir bizni ta`qib etmaydi.

Ismim Xavla, yoshim o`n uchda. Oilamiz bilan Suriyaning Sarmin shahrida yashar edik. Ota-onamning o`g`illari yo`q, uch qizlari bor edi. Otam Obid shifoxonada qorovul, onam Fayxon esa o`sha erda hamshira bo`lib ishlardi. Ikki opam turmushga chiqib ketishgan, ikkisining ham bittadan farzandi bor. Men oilaning kenjatoyiman. Otam hech qachon o`g`lim yo`q deb nolimagan, opalarimni va meni jonidan ortiq yaxshi ko`rardi. Har kuni kechqurun u ishdan qaytishda onamning yoniga kirib xayrlashib kelar (onam ko`pincha tungi smenada navbatchilikka qolardi), biz birga ovqatlanardik, keyin u menga Gerodotni o`qib berardi. Tarix hikoyalarini tinglab uyquga ketardim. Mamlakatda urush bo`layotgani, u bizning shaharga yaqinlashib kelayotgani haqida bolaligimdan eshitardim, ammo bu urush tezda mening shahrim, mening hayotimni ham qamrab olishi o`ylamagan ekanman.

Katta opam Fotimaning eri Iroqda ishlardi, bir kuni uning avtomashinasi portlab ketgani haqida xabar keldi. Shundan so`ng opam besh yashar jiyancham Abdulloh bilan biznikida yashay boshladi. Abdulloh tillari biyron, ko`p savol beradigan, sho`xgina bolakay edi. Onasini juda yaxshi ko`rar, katta bo`lsam, uni hammadan himoya qilaman, derdi. Kichik opam Oyshaning to`rt yashar qizchasi bor, o`zi homilador edi. Bir kuni u ham yig`lab kirib keldi: pochchamni noma`lum kimsalar o`g`irlab ketishganmish. Shu bilan opamning eri haqida biror ma`lumot bila olmadik. U bedarak ketdi. Ko`p o`tmay Sarmin ham urush girdobiga tortildi. Hech kimning yo`qolgan pochcham bilan ishi bo`lmay qoldi.

Onam juda mehribon, ajoyib inson edi. Uni hamma yaxshi ko`rardi. U ilmli ayol edi, menga inson tana a`zolari haqida ko`p ma`lumotlar bergandi, shu tufayli odam anatomiyasini juda yaxshi o`rgangandim. Urushning kasofati bilan shifoxonada onamning ishi ko`paydi, uyga juda kam keladigan bo`lib qoldi. Bir kuni shifoxona bomba hujumiga uchradi. Onamning bo`yniga shiftning katta to`sini tushib kallasini uzib yuboribdi. Uning boshini xarobalar orasidan uzoq qidirishdi. Topishdimi-yo`qmi, bila olmadim, menga aytishmadi, onamning jasadini ko`rsatishmadi. Faqat kafanlangan tanani ko`rdim, xolos. O`sha kafan ichida mening onam bo`lganiga hamon ishonolmayman. Chunki u erda o`lgan onalar ko`p edi...

Oradan bir hafta o`tib, otamni ham berib qo`ydik. U beozor odam bo`lgani uchun Alloh unga beozor o`lim berdi: peshanasiga tekkan birgina daydi o`q dastidan tezgina jon taslim qildi. Buni o`zim ko`rganim yo`q, ko`rganlar aytib berishdi. Otamni hovlimizning bir chekkasiga ko`mdik, chunki shahar o`q va bombalar yomg`iri ostida edi, hech kim jasadni qabristongacha ko`tarib olib borishga rozi bo`lmasdi.

Ikki opam, ikki jiyancham va men yashay boshladik. Tirikchiligimiz juda og`ir edi, ro`zg`or yuki katta opamning zimmasiga tushgandi. U maktabda dars berardi, biroq urush tufayli darslar to`xtadi. Ikki mahalla naridagi bir shifokor opamni bolalariga xat-savod o`rgatishga yolladi. Opam har kuni o`g`li Abdullohni etaklab dars o`tgani ketar, tushdan so`ng qaytar, uning topganiga amallab qozonimiz qaynardi. Ammo bu ham uzoqqa bormadi.

Opam darsini tugatib jiyanchamni etaklab qaytayotganda osmondan raketa hujumi boshlangan. Bombalar ketma-ket otilgan, kassetali bombalar. Biz endi bombalar haqida juda ko`p narsa bilamiz, eng yomoni mana shu kassetali bombalar. Ular hamma yoqda, ular juda ko`p va ulardan qutulishning iloji yo`q. Opam bolasi bilan bekinishga joy izlaguncha yonlariga bir bomba tushib portlagan. Opam o`sha joyda parcha-parcha bo`lib ketgan, Abdulloh esa portlash ta`sirida ancha nariga — yonib turgan tom bo`lagi ustiga tushgan. Bechoraning butun tanasi yonib ketgan. U olovdan qochishga intilgan, lekin badaniga chirmashib olgan alanga bolakay yugurgani sayin badtar olovlangan. Bechoraning badani pufakchalar bilan qoplangan, sochlari yonib boshiga yopishib qolgan, ko`zlari kosasidan chiqib ketgandi. Men uch kun uning tepasida o`tirdim, u uch kun qichqirdi, uch kun davomida o`ldi. Hamon miyamda uning dahshatli chinqirig`i yangrab turibdi, men bunday yashay olmayman.

Bir oyda katta oilamizdan uch kishigina qoldik. Kichik opam maktabda yaxshi o`qimagan, uy qizi, ustiga-ustak, homilador edi. U muloyim, bo`ysunuvchan ayol, uning uchun doim eri yoki otam qaror qabul qilishgan, hamisha birovning panohida bo`lishga o`rganib qolgandi. Ammo Abdullohning dahshatli o`limi opamni birdan o`zgartirib qo`ydi. U oy-kuni yaqin bo`lishiga qaramay qochish fikriga tushib qoldi: «Xavla, men qizimni va tug`ilajak farzandimni, qolaversa, seni ham himoya qilishim kerak. Etar endi yo`qotishlar, men bu urushga keragidan ko`p qurbon berdim. Qochamiz!» Qayoqqa? Qanday? Bu savollarga javobni opamning o`zi ham bilmasdi.

Pochchamdan qolgan avtomashina bor edi, opam o`shani arzongarovga sotib yubordi. Endi qo`limizda oz bo`lsa ham mablag` bor edi. Biz amallab Turkiyaga o`tdik, u erdan dengiz orqali Gresiyaga, keyin Germaniyaga qochishni rejalashtirdik. Opam og`iroyoq bo`lishiga qaramay to`rt yashar qizchasini ko`tarib oldi. Men yuklarni ko`tardim. Ko`p narsa olmadik, chunki baribir olib ketolmasdik. Shunchaki bir sidra kiyim-bosh, bittadan kosa va qoshiq. Na choyshab, na adyol va ko`rpalarimiz bor, yo`l uzoq, tunlar sovuq edi. Biz bir boshga bir o`lim deb yo`lga chiqdik.

Amallab chegaradan o`tib oldik. U erda ma`lum haq evaziga odamlarni dengizdan olib o`tadigan insonni topdik, narxlashdik, pul to`ladik. Yarim tunda dengiz bo`yiga kelsak, qayiqqa chiqaman deb turgan odam shunaqangi ko`p ediki, men buncha odam shu kichkinagina qayiqqa qanday sig`ishini hech tushunmasdim. Lekin qayiqchi uddaburon ekan, u odamlarning yuklarini kamaytirishni boshladi: hammaga faqat bittadan to`rva olib o`tishga ruxsat berdi. Yaxshiki, bizning yukimiz ko`p emasdi, biror narsamizdan voz kechishga hojat qolmadi. Ammo opamning homiladorligini ko`rib qayiqchi yana bir kishi uchun pul to`laysanlar, qayiqqa ortiqcha yuk tushadi, deb turib oldi. Opam noiloj rozi bo`ldi. Men yuklarni elkamga osib, jiyanchamni tizzamga oldim. Opam yonimga o`tirdi. Tiqilinch qayiqda «Yo Alloh!» deya yo`lga tushdik. Tun salqin, etmaganiga suvning salqinligi ham bor. Qunishib o`tirgan jiyanchamni bag`rimga mahkamroq bosib isitishga harakat qila boshladim. Shu payt opam qattiq ingrashga tushdi. Uni dard tutayotgandi. Qayiqchi so`kindi, lekin endi ortga qaytib bo`lmasdi. Jiyancham onasining ahvolini ko`rib yig`lay boshladi, menga esa bolaning ovozni o`chirishimni, aks holda chegarachilar bizni bilib qolib qayiqni qaytarib yuborishini aytib o`dag`aylashdi. Urush odamlarning diydasini qattiq qilib qo`yarkan. Opam o`zini tetik tutishga urinar, bolasini qo`rqitmaslikni istardi. Lekin dardi juda kuchli edi. Shukrki, bir insofli ayol topildi, amallab opamning yoniga o`tib, unga yordam bera boshladi. Ko`p o`tmay opamning ko`zi yoridi. Ammo... chaqaloq o`lik tug`ilgandi. Opaginam sho`rlik ovoz chiqarmay, elkalari titrab-titrab yig`ladi. Keyin bolani choyshabga o`radi va... yo`q, o`zi qila olmadi bu ishni. Unga yordam bergan ayol Qur`ondan bir sura o`qib yuziga fotiha tortdi va jajji jasadni dengizga tashladi. «Cho`lp» etgan ovoz meni qattiq seskantirganini hamon unutolmayman.

Ming mashaqqatlar, ba`zida yaxshi odamlarning ko`magi, ba`zida yomonlarning turtkisi bilan vanihoyat Berlinga etib keldik. U erda bizga Germaniya sharqidagi Xemnis shahrida joylashgan qochoqlar maskaniga yo`llanma berishdi. Xemnis aholisi qochoqlardan bezor, ularga nisbatan juda yomon munosabatda ekanini eshitgandik. Ko`pchilik yo`llanmani yirtib tashlab qayta so`rov rasmiylashtirishga tushdi, ammo biz unday qilmadik. Nima bo`lsa ham, taqdir, nasiba dedik. Aytilgan joyga etib kelsak, qochoqlar lageri allaqachon to`lib ketgan ekan. Bizni Drezdenga yaqin Xaydenau degan joyga yo`llashdi. O`tgan yil avgustda mahalliy ekstremistlar bu erda qochoqlarga hujumlar qilishgan ekan. Ha, biz bu erda ham chaqirilmagan, istalmagan mehmon edik. Amallab lagerga joylashib oldik. Endi shaharga chiqishga qo`rqamiz. Bu erda 700 dan ortiq odam yashashiga qaramay, hamma uchun bittagina yuvinish xonasi va to`rttagina hojatxona mavjud, xolos. Lekin tinchmiz, ertamiz noaniq bo`lsa-da, tongimiz halovatli otishiga umid bor.

Opam shu kunlarda Germaniyada yashash huquqini olish uchun hujjatlar rasmiylashtirayapti. Bechora juda qiynalayapti, til bilmagani etmagandek, savodi ham yaxshi emas-da. Men kun bo`yi jiyanchamga qarab o`tiraman va shifokor bo`lishni orzu qilaman. Biror erga muqim joylashib olsak, men, albatta, yaxshi o`qiyman, odamlarni o`ldirish emas, davolash uchun o`qiyman.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1