1

​«ALAMLARIM TUHMATGA AYLANDI...»

Mutolaa 21.08.2017, 11:48
​«ALAMLARIM TUHMATGA AYLANDI...»

Kecha qizim yana yig`lab keldi. Kuyovim uch bolasining ko`z o`ngida o`lasa qilib do`pposlabdi. Ko`zi ko`kargan, qo`llari momataloq bo`lib ketgan bolaginam bag`rimga boshini qo`yib, «Gunohim nima, oyi? Qaysi aybim uchun meni zolim er qo`li bilan jazolayapti taqdir?», deya zor-zor yig`ladi. Uning gaplari yuragimga o`qdek qadaldi. «Qizginam, sening gunohing yo`q», dedim-u, bo`g`zimni kuydirayotgan so`zni tilimga chiqara olmadim. Bo`g`ma ilondek bo`g`ayotgan vijdonning og`rig`ini jismonan ham his qilib turardim. Ammo jur`at etmaydimi yo nomus qilamanmi, na ulardan, na qizimdan uzr tilay olaman...

Hammasiga yuragimda tugun bo`lib yotgan alam sababchi. Hasadgo`yligim tufayli gunohdan qaytmadim, begunoh kelinchakka tuhmat toshini otishga botindim, qaytar dunyoligini, birovning nomini qora qilishning jazosi borligini unutdim.

Shohista bilan bir mahallada o`sganman, qolaversa, sinfdosh bo`lganmiz. Bolaligimdan onam nuqul meni u bilan solishtirardi. Keyin maktabda o`qituvchilar hali orastaligini, hali odobini, hali a`lochiligini aytib, namuna qilib ko`rsatardi.

«Shohistani, qara, har tong quyosh chiqmasdan ko`cha-ko`yga suv sepadi. Sening qo`lingda esa supurgi ham turmaydi!»

«Shohista o`rgangan fanni nega sen o`zlashtira olmaysan? Har kuni uyiga chiqib, dugonangdan o`rgansang bo`lmaydimi?»

«Shohista, chevarga shogird tushibdi, biram chiroyli ko`ylaklar tikayapti ekanki...»

Bular mening ko`zimni ochmagan, qasdma-qasd ish qilish ishtiyoqini paydo qilgan, xolos. Nimaiki qilsam, shu qizdan o`zay, hammaning og`zini yopay, deya qilardim. Aksiga olib, hech omadim kulmasdi. Atrofdagilar esa bizni solishtirishgani-solishtirishgan edi. Bora-bora uni ko`rishga ko`zim bo`lmay qoldi. U uchun chin, men uchun soxta bo`lgan do`stligimiz shu tariqa yakun topdi.

U bir urinishdayoq talaba bo`ldi, men esa naq uch yil harakat qilib, natijaga erishdim. Eng yomoni esa ko`ngil qo`ygan yigitimning unga mehri tushgani bo`ldi. Suyganim va kuyganimning to`yi kuni yillar davomida to`plangan alam vulqondek ichimda g`alayon qildi. Ammo otilmadi... Taqdirni qarangki, raqibamning qo`shnisiga kelin bo`ldim. Shohista hech narsadan bexabar men bilan yaxshi muomala qilar, men esa undan qasdimni olish uchun payt poylardim. Uning obro`li joyda ishlashi, erining doim atrofida parvonaligi, mahallada hamma hurmat bilan qarashi battar ichimni kuydirardi. Biroq qo`limdan biror ish kelmas, uni otidan tushirishga qurbim etmasdi. Vaqt o`tgani sayin esa alamzadaligim ortib borardi. Men o`sha paytlari ichimdagi bu olovning hasadligini tan olmasdim. Nuqul yo`limda to`g`anoq bo`lgan deya uni ayblab, o`zimni jabrdiyda sanab, bahona qilardim. Taqdir meni go`yoki Shohistaning qo`llari bilan tahqirlayotgandek tuyulardi-da.

Kunlardan bir kuni mahalladagi yig`inda ko`rishib qoldik. Ichini yoqay deya, bir uy xotinning oldida katta ketdim.

— O`g`limni uylantirmoqchiman! Hamidullo akaning kenjasini so`rab qo`ydim! Doktor qiz-chi! Biram yaxshi, biram chiroyli-ki! Farida opa «Farangizni uzatsam, sizdek ayolning o`g`liga uzataman-da», deb quvonib qoldi sovchilikka borganimda, — dedim atay Shohista tomonga bepisandlarcha boqib. Uning yo`talib qolganidan esa battar avjlandim, — Xudo xohlasa, kuzda to`y!

Shohistaning ranggi bo`zdek oqarib ketdi. Mening yuzimga esa qizillik yugurdi. Mana, uning ham ichi yonayapti! O`zimcha, uning parishon bo`lib qolganini alamga yo`yibman. Bir oydan keyin esa tarvuzim qo`ltig`imdan tushdi. Mahallada Shohistaning o`g`li Habibning Farangizda ko`ngli borligi, ularni tez kunlarda unashtirilishi haqida gap tarqadi.

— Voy, opa, eshitdingizmi? Siz og`iz solgan Farangizni Shohista opa kelin qilayotgan ekan, — shumxabarni etkazdi qo`shnim Zulxumor.

— Voy, — dedim uyatga qolganimdan tanam muzlab, — qanaqasiga? Axir men... — deya indamay qoldim.

— Shohista, keliningni u-bu joyga olib borib ko`rdingmi? — deya gap olish maqsadida so`z ochdim bir kuni.

— Ha, o`zi ham shifokor-ku, ko`p narsani tushunadi, biladi. Sog`liklari joyida, nimagadir bo`lmayapti-da. Mayli, o`z vaqti-soati bordir, — dedi Shohista xotirjamlik bilan.

— Xafa bo`lma-ku-ya, ammo senga ichim achiganidan aytayapman, anuv ammasi bor-ku Farangizning, maktabda bizdan keyin o`qigan, o`sha ham tug`magan. Bularning qonida bor tug`maslik, — deya men ham olovga yog` sepmoqchi bo`ldim.

— Yo`g`-a, qo`y, yaxshi niyat qilaylik, Xudo berib qolar. Shundoq yaxshi qiz Farangiz, buning ustiga, o`g`lim ikkisining bir-biriga muhabbatlari yuksak, — deya pinagini buzmadi Shohista.

O`shanda yolg`on gapirganimni, qizini so`rab borganimda Farida opaning yo`q deganini odamlar bilib qolmasa edi, deya bir dardim ikki bo`ldi.

Xullas, charsillab yonayotgan, kuyov kelinni dast ko`tarib atrofida aylantirayotgan gulxanning tafti mening ichimdagi olovning alangasi oldida cho`g`dek edi. Endi ko`nglimga shum niyat oraladi. Har kuni uzun sochlarini bir o`rim qilib o`rgan chiroyli kelinchak darvoza oldini supurishga chiqqanida, qo`ni-qo`shnilar «Qo`li biram engilki Shohistaning kelinining», deya maqtaganida shum niyatim bosh ko`tarardi. Yashirib nima qildim, issiq-sovuq ham, kelinchakka gap o`rgatishim, qaynonasiga yomonlashim ham ish bermadi. Faqat bir ilinj bor edi, Farangizning hech bo`yida bo`lmayotgandi. Endi kunlarim «Qachon tug`mas kelinni uyiga haydab yuborisharkan?» degan o`yda eshik poylash bilan o`tardi.

Shunaqa o`zi bu ayol. Dunyoning keng joyidan olingan. O`g`li befarzand-u parvoyiga ham keltirmaydi, deya yana folchiga yugurdim. Borsam, folbinning eshigi oldida Farida o`tiribdi. Salom-alikdan so`ng bu qulay imkonni qo`ldan boy bermaslik uchun Faridaga hamdardlik ohangida gap boshladim.

— Qiz bolaning ishi qiyin ekan, Farida. Shular borgan joyida tinib-tinchib ketsin deya, to`rt tomonga yugurarkan onaizorlar. Shohistani har ko`rganimda, o`zimning qizim ko`z oldimga keladi. Nahot unga ham qaynonasi shunaqa munosabatda bo`lsa-ya, deb qo`rqib ketaman.

Faridaning hayrat bilan menga qarab turganidan foydalanib, yolg`on gapirishdan o`zimni to`xta olmadim.

— «Tug`mas» deya haqoratlashlariga-ku chidab yashayapti qizingiz. O`zi ham juda sabrli qilib tarbiyalagan ekansiz-da, — dedim eng nozik nuqtasiga zarba berib. O`qim foyda berdi, Farida Farangiz uchun folbinga kelganini aytib, yig`lab qoldi.

Ammo kun o`tsa hamki, na kelinlik uyidagilar Farangizning javobini berishar, na ota-onasi kelib qizini olib ketardi. Oradan to`rt yil o`tgach, Habib ikkalasini Rossiyaga, ishlashga, shu maqsadda havo almashtirishsa, farzandli bo`lishar degan umidda jo`natadigan bo`lishdi. Oldin Habib ketdi, keyin ayollar uchun ish bor, deya mahallamizdagi xorijda ishlovchilardan biri aytib qolgandi, men ham Shohista bilan jo`nayman, deb turib oldim. Oldinlari ham xorijda ishlab kelib yurganim uchun erim qarshilik qilmadi. O`g`lim «Oyi, nima qilasiz, yoshingiz ham ellikka borib qoldi», desa ham, ahdimdan qaytmadim. Shohista «Kelinim sen bilan bo`lsa, ko`nglim ham xotirjam yuraman», deya xursand bo`lgani-ku aytmasam ham bo`lar.

Rossiyaga etib borgach, omadim kelganiga amin bo`ldim. Biz ayollar jamoasida ishlardik. Faqat bittagina haydovchimiz bor edi. Farangiz kun bo`yi ko`z o`ngimda edi. Endi unga qarshi rejalar tuza boshladim. Oxiri jamoamiz boshlig`iga pul berdim-da, Farangizning ustidan tuhmat yog`dirdim. Tez orada u haqda haydovchi bilan don olishadi, degan gaplar tarqaldi. Yana bir kun haydovchining telefonini tushlik payti yashirincha olib qo`ydim-da, kechasi boshlig`imiz bilan birga tinimsiz Farangizning qo`l telefoniga xabarlar jo`natib, qo`ng`iroq qildik. Oxir-oqibat, ertalab Farangiz yig`lab qo`ng`iroq qildi.

— Xola, erim haydayapti! O`zing ham, bolang ham kerakmassan, deyapti. Endi orzum ushaldi, homiladorman, deganimda-ya, — deb hiqqilab yig`lardi sho`rlik.

Men uning homiladorligidan bexabar edim. Tuhmatim natija berganidan bir tomonda xursand bo`lsam, bir tomonda Farangizning ko`z yoshlari yuragimni o`rtardi. Biroq endi ortga yo`l yo`q edi. Qo`shniligimiz yuzasidan Habib bilan bir-ikki gaplashmoqchi bo`lib ko`rdim, biroq u eshitishni ham istamadi. Nima gapligini so`rab qo`ng`iroq qilgan Shohistaga ham haydovchi bilan bog`liq uydirmani aytib berdim. Tilini tishlab qoldi u ham. Bir hafta bag`rini erga berib yig`lab yotgan Farangizga otasi pul jo`natib, uyiga qaytarib oldi. Men ham ikki oycha ishlab, oyog`im og`rigach, uyga qaytdim.

Mana, o`sha voqeadan besh oy o`tdi hamki, Farangiz ota uyida. Habib esa Rossiyadan kelmayapti. «Qishloqda hamma xotini bir rus bilan yurib ketibdi, deya ustimdan kuladi», deya nomusning zo`ridan qaytolmayapti. Shohista sho`rlik yig`lab oldimga chiqadi. «Yolg`iz guvoh sizsiz, to`g`risini ayting», deya Farida ham zorlanib keladi. «Farangiz tuppa-tuzuk yurgandi», degan gapdan boshqa so`z ayta olmayman. Shu kunlarda ko`zi yorishi kerak bo`lgan kelinchak bolasi tug`ilgach, oilasiga qaytishga umid qilib yashayapti...

Vijdon azobi eng dahshatli og`riq ekan... Uning davosi tavba va kechirim so`rash. Tavba deya ichimda gunohimdan o`tishini Yaratgan so`rasam-da, yonginamdagi qo`shnimdan uzr so`ray olmayapman...

Yarim kechasi uyg`onib ketaman-da, tong otsa, hammasini Shohistaga aytaman, deya o`zimga so`z beraman. Ammo ertalab yana bu niyatimdan qaytaman. Axir nima degan odam bo`laman? Hali kelin tushirib, yana bir qizimni uzatishim kerak? Tuhmatchi, hasadgo`yligimni bilganlar men bilan quda bo`larmidi? Xullas, yuragim yonib, vijdon azobida qovrilib sizlarga qo`ng`iroq qilayapman. Balkim gazetadan o`qib qolishar? Yana mendek alamzadalar to`g`ri xulosa chiqarishar.

Shohsta, kechir, meni! Yilar davomida sening mehringga zahrim bilan javob berib keldim.

Farangiz, begunoh, farishtadek kelinchak, oldingda gunohim katta! Nomingga dog` tushirdim. Ona bo`lganingdan keyin oqlanishingga ishonaman, qizim!

Habib, bilaman, erkaklik g`ururi sabab ayolingni kechira olmayapsan. Ishon, u farishta! U vafodor!

Kechiringlar meni...

Shoira VAFOEVA oqqa tushirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1