AsosiySUG'DIYONA

BOLANGIZ BOG`ChAGA ChIQDIMI? OTA-ONALAR UChUN AMALIY QO`LLANMA!

'BOLANGIZ BOG`ChAGA ChIQDIMI? OTA-ONALAR UChUN AMALIY QO`LLANMA!'ning rasmi

Odatda ota-onalar farzandlari bolalar bog`chasiga borishini ma`qul bilshadi. Biroq bolakay har doim ham yangi muhitga tezda o`rganolmaydi. Moslashuv davri oson va asabbuzarliklarsiz kechishi uchun bir nechta tavsiyalarni taqdim etamiz.

KUN TARTIBI

Farzandingizni bolalar bog`chasiga olib borganiningizda, dastlab uzoq vaqtga qoldirmang.Uch kun davomida 2-3 soat etarli. Keyingi kunlarda esa tushlikkacha qoldiring, yangi do`stlari bilan birgalikda ovqatlanib ko`rsin. Ana shundagina bola asta-sekinlik bilan moslashuv jarayonidan o`tib boradi. Ikkinchi haftadan esa kichkintoy uyqu vaqti ham bog`chada qolsin. Agar farzandingiz uxlolmay yoki ertaroq uyg`onib, xarxarsha qilsa, har ehtimolga qarshi bu haqida ham tarbiyachi bilan kelishib oling.


DO`STLAShIShNI O`RGATING

Bolakay erta-yu kech uyda kattalar bilan qolmay, tengdoshlari bilan bolalar maydonchasida o`ynashga odatlangan bo`lsa, bog`chaga o`rganishi osonroq kechadi. Axir unda do`stlashish ko`nikmasi bor. Jigarbandingizni bog`chaga berish istagingiz bo`lsa, unibunga avvaldan tayyorlab boring. Tengdoshlari bilan aloqaga kirishishni o`rgating, buning uchun bolalar maydonchasi, sayrga chiqish, u bilan ko`proq muloqot qilish tavsiya etiladi. Bolalar maydonchasida farzandingiz o`zini qanday tutadi, o`yinchog`ini boshqalar bilan bo`lishadimi, kuzating. Ko`p hollarda bolalar bog`chadagi notanish davrada yolg`iz qolmaslikni istab, uydagi o`yinchog`ini olib ketadi. Guruhdoshlari uning o`yinchog`iga teginsa, kichik muammolar kelib chiqishi mumkin. Yuqoridagi kuzatuv ana shunday holatlar uchun muhim.


QAYSI FASLDA BOG`ChAGA BORGAN MA`QUL?

Albatta, yozda. Bog`chaga o`rganish uchun eng qulay davr, negaki, bolalar bu faslda aksariyat vaqtlarini maydonchada o`ynab o`tkazishadi. Hamda mavsumiy kasalliklar ko`p ham bezovta qilmaydi.


MUSTAQIL BO`LIShGA O`RGANADI, AMMO...

Ota-onalar aksariyat hollarda farzandini tuvakka o`rgatish, taglikdan ajratish uchun bog`chaga berishadi. Maslahatimiz, farzandingizni bu ishlarga o`rgatishni bog`cha tarbiyachisiga yuklamang. U bir vaqtning o`zida 20 nafardan ortiq bolani eplashi, kichik xojatlari uchun ma`sul bo`lishi qiyin. Yaxshisi bolakay bu ko`nikmalarga oilasida, o`ziga tanish bo`lgan muhitda o`rgansin.


“BOG`ChAGA BORAMIZ!” O`YINI

Bolakayni bog`chaga berishdan avval unda bu maskan haqida ijobiy taassurot uyg`otish kerak. Muassasaning qanchalar yaxshi ekanligini gapirib bergandan ko`ra, uni ko`rsatgan ma`qul. Kun davomida qiziqarli jarayonlar, do`stlari bilan o`ynashini tasvirlab berish uchun o`yin tarzida tushuntirish kerak. Bunda bolakayning o`yinchoqlari sizga yordam beradi. Uyingizni kichik bir hududini bolalar bog`chasiga aylantiring. O`yin vaqti bolakay sevimli o`yinchog`ini bog`chasiga bersin.

Bog`cha kun tartibidagi hamma vaziyatlarni o`yin shaklida ko`rsatib bering. Masalan, ertalab o`yinchoqni uyqudan uyg`otib, kiyintirib, choy ichirib, bog`chaga kuzatib qo`ying. Hamda o`yinchoq bog`chaga borishda va u erda qolayotgan vaqtida yig`lamayotganini bot-bot aytib, maqtashni unutmang.

Besh-oltita o`yinchoqni o`tkazib, guruh tuzing. Ular bilan gigienik muolajalar o`tkazish, nonushta va tushlik qilish farzandingizga yoqishi, shubhasiz. Shuningdek, tushdagi uyqu haqida ham unutmang. Ularga qo`shilib farzandingiz ham uxlasin. Turli hil mashqlar, ya`ni rasm chizish, yasash kabilar ham vaqtni maroqli o`tkazadi. Asosiysi, onaning farzandini bog`chada olib ketadigan sahna yodingizdan ko`tarilmasin. Bu jarayonda «Men qaytib keldim. Endi uyga qaytamiz. Bugungi kuning juda qiziqarli o`tdi, sen hatto zerikishga ham ulgurmading!» deb aytish o`rinli bo`ladi.

Bolani bog`chaga o`rgatishdek mashaqqatli ishda omad va sabr tilab qolamiz!

Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA gazetasi

Boshqa yangiliklar