AsosiySUG'DIYONA

QO`RQUV HISSINI ENGISh UChUN 6 TA PSIXOLOGIK TAVSIYa

'QO`RQUV HISSINI ENGISh UChUN 6 TA PSIXOLOGIK TAVSIYa'ning rasmi

Biror narsadan vahimaga tushmagan odam bo`lmasa kerak dunyoda. Kimdir buni his-hayajon bilan ifodalasa, kimlardir buning sababini ruhiy holatdagi o`zgarishlarda deb biladi. Vaholanki, irodani chiniqtirish haqida ko`p gapiriladi. Shunday bo`lsa-da, hayotiy muammolarga sabab bo`layotgan va o`zligimizni anglashga to`sqinlik qilayotgan qo`rquv hissi ta`qib etishini inkor qilolmaymiz. Agar bu his osoyishta hayot kechirishimizga mon`elik qilayotgan bo`lsa, uni engish mumkinmi?

Ayting: nimadan qo`rqasiz?

Aksariyat kishilar vahimaga tushadigan holatlarni inkor etgancha, qo`rquv hissini begonaday tutishga harakat qilishadi. Aslida esa bu o`z-o`zini aldashdir. Agar ruhiy osoyishtalikka erishishni istasangiz sizni nimalar vahimaga solishi va buning sababi nima ekanligini ovoz chiqargan holda so`zlab bering.

Qog`ozga tushiring

Deylik, siz chaqmoq chaqishidan qo`rqasiz. Tasavvuringizdan kelib chiqib, mana shu manzarani qog`ozda aks ettiring. Suratning har bir tarkibiy qismni chizar ekansiz qo`rquvni nazorat qilayotganday bo`lasiz. Ishni yakunlagach suratdagi “dushmanin”gizga yaxshilab qarang. Mana sizni dahshatga soladigan hodisa. Istasangiz uni g`ijimlab, yoqib yuboring yoki muzlatgich eshigiga yopishtirib qo`yib, har kuni u bilan yuzma-yuz keling-da, uni xayolan mahv eting.

Qo`quvni his eting!

Siz qo`rquvni tan oldingiz. Hatto u bilan yuzlashdingiz ham. Demak, sizni qo`rqitayotgan holatni his etishingiz qoldi. Avvallari qo`rquvdan qo`llaringiz titrab, ko`zlaringiz pirpirayotganini sezgansiz. Biroq bu qo`rquvga qarshi kurashayotganingiz, ya`ni noto`g`ri yondashayotganingiz belgisidir. Yuqorida biz bo`ron va chaqmoq chaqishini misol qildik. Keling, ana shu manzarani tasavvur etib, shu vaqtdagi qo`rquvni his etib ko`ramiz. Bu hisniqanday boshqarilishini tushunganingiz sari, bu faqat sizning muammongiz emasligini ham faxmlaysiz. Avvaliga chaqmoqning gumburlagan ovozi, so`ng shamol g`uvillashi va daraxt barglarini derazaga qattiq urilishini tasavvur qilamiz. Bu tovushlarni hayolan eshitib ham etingiz junjikadi. Shunda chuqur nafas olib, tanangizni bo`shashtiring. har safar mana shu qo`rquv bilan yuzlashsangiz, u bilan hayolan suhbatlashib, nafas mashqi yordamida tinchlanishga harakat qiling.

Har ishning hikmati bor!

Bizning qo`rquvlarimiz noaniq kelajakdagi voqea-hodisalarga qaratilgani bilan ham vahimaliroq ko`rinadi. Misol uchun, ishdan bo`shatib yuborishsa nima qilaman, turmush o`rtog`im boshqasini topib olgan bo`lsa holim nima kechadi kabi savollarning noaniqligi ham qo`rquvga sabab bo`lishi mumkin. O`ylab ko`rilsa aslida har qanday ishning bir hikmati bor. Ishdan bo`shatishsa, demak, qaerdadir siz uchun bo`sh ish o`rni bor...

Olishuvga tayyormisiz?

Siz musiqachi yoki notiqsiz. Biroq jamoatchilik oldida iqtidoringizni namoyish etishdan qo`rqasiz. Sizdagi qo`rquv hissi omadsizlikka uchrash bilan ifodalanadi. Xo`sh, uni engish uchun nima qilish kerak? Ketma-ket, tinim bilmay o`z ustingizda ishlash va mashq qilish! Shunda kunma-kun dadilligingiz ortib, o`z iste`dodingizni zavq bilan namoyish etasiz.

Olg`a boring!

Balandlikdan qo`rqadigan insonlar odatda ko`zlarini yumib olib, qo`rquvlarini yashirishga urinishadi. Vaholanki, o`shaodamga bildirmay, uni yuqori qavatga olib chiqsangiz, u buni hatto sezmaydi ham. Ammo aytishingiz bilan darhol vahimaga tushib qoladi. Bunday vaziyatlarda, muhimi, oldinga qadam tashlashdan cho`chimaslik. Bitta kichik qadam tashlab, qo`rquvinigizga tik boqsangiz, keyingi qadamlar o`z-o`zidan ulanib ketadi. Qo`rquv oldinga qo`ygan maqsadlaringizni amalga oshirishga to`sqinlik qilsa, u bilan kurashing va g`olib chiqing!

Psixologiya fanlari nomzodi, dosent Feruza Akramova tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar