« — Nima qilayapsiz o`zi?
- Ketayapman...
- Axir qolishga bahona qidirayapsiz-ku...
- Ha, to`g`ri, lekin topolmayapman...
- Men esa sizni olib qolishga vaj topolmay halakman. Endi nima qildik?»
Har Yangi yil kuni ekranlarimizdan yangraydigan muhabbatning bir qarashda oddiy, ammo juda samimiy izhori bu! Anglaganingizdek, bayram kayfiyati sizni yil davomida tark etmasligini tilagan holda, kutil(ma)gan mehmoningiz Jenya Lukashin — Andrey MYaGKOVning hayotiga nazar solamiz.
Millionlab tomoshabinlar oynayijahon qarshisiga mixlanib, «Taqdir hazili»ni ko`rayotgan bir paytda sevimli Lukashinimiz televizorni o`chiradi. Yo`q, yo`q, bu rolidan qoniqmaslik yoki qahramonim ko`rishga arzimaydi, degan o`ydan emas. Araz! Uni Lukashin sanashlarini jini suymaydi. Axir ular tamoman ikki xil dunyo! Aktyor hammomga borishni ham, ichishni ham yoqtirmaydi! Eng muhimi, Andrey Myagkov hech qachon sevgan ayolini tashlab, boshqasining etagidan tutib ketmaydi. Ularning yagona o`xshashligi — Myagkov ham, Lukashin ham gapga to`n kiydiradiganlardan...
«Ot aylanib, qozig`ini topadi...»
Andrey Myagkov 1938 yil, 8 iyulda Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburg shahrida, professorlar oilasida dunyoga kelgan. Shu sababmi, boshqa ko`p san`atkorlardan farqli o`laroq bo`lajak aktyor maktabda aniq fanlardan a`lochi edi. Yuqori sinflarda o`qiyotganida drama to`gariga yozilgan va maktab sahnasida bosh rollarni qoyillatib o`ynagan esa-da, aktyor bo`lish xayolining bir uchiga ham kelmasdi. Maktabni tugatgach, kimyo-texnologiya institutiga o`qishga kirdi. Va to`rt yil davomida hech tomonga og`ishmay o`qidi! Ammo taqdiri, baribir, uni tinch qo`ymadi. O`qishni tugatgan yili MXAT maktab-studiyasi talantlarni izlab, tanlov e`lon qildi. Qarangki, Andrey uch sinovdan ham o`tib, o`qishga qabul qilindi. Bu taqdirning hazili emas, haqiqiy tuhfasi edi. Axir uni Moskvada dunyoga mashhur bo`lguvchi qahramonlarigina emas, muhabbati ham kutardi...
«Lukashin — boshimga bitgan balo!»
Maktab-studiyasida o`qishni tugatgach, qahramonimiz «Sovreminnik» teatriga ishga kiradi. Teatr sahnasidagi karerasi bilan kinoga takliflar bir paytda boshlanadi. Ayniqsa, «Aka-uka Karmazovlar» filmiga taklif qilishganida, aktyor rosa ikkilanadi. Axir kimsan Ulyanov, Lavrov, Adoskinlar bilan kamera qarshisida elkama-elka turishi kerak. Hayajonlanmay bo`ladimi? Ammo bizning Myagkov uddaladi, rolini qoyillatdi!
Chin va keng ma`nodagi mashhurlik esa unga 37 yoshida kulib boqdi! Aslida, Andrey Myagkov mashhurlik so`zini umuman yoqtirmaydi va mashhur bo`lishni hech qachon istamagan. Bu shunchaki nokamtirlik emas, o`ziga yarasha xarakter hosilasi. Maqolani o`qish davomida bunga siz ham amin bo`lasiz.
Xullas, moskvalik daydini o`ynashga talabgorlar ko`p edi. Ayniqsa, Andrey Mironov tish-tirnog`i bilan shu rolni ijro qilish uchun kurashardi. Ammo afsonaviy rejissyor Ryazanov uning qiyofasida Lukashinni ko`ra olmadi. Basavlat, o`ziga bino qo`ygandek ko`ringuvchi Mironov ikki dunyoda ham tomoshabinni, ayniqsa, ayollarni Lukashin ekanligiga ishontira olmaydi. Andrey Myagkov esa sinovdagi bir ijrosi bilan Ryazanovning ikkilanishlariga nuqta qo`ydi: mana, o`sha Lukashin!
«Eh, bu xirapashsha Lukashin boshimga bitgan balo bo`lishini bilmagan ekanman. Axir film premerasidan keyin qushdek engil bo`lolmadim. Ko`chada bemalol yurolmay qoldim. Xuddi yomon bir ish qilib qo`ygandek boshimni egib yurishga majburman. Do`konga kirganimda ham shapkam bilan qora ko`zoynakni echolmayman, odamlar darrov tanib qolishardi-da, «Voy, Lukashin», deyishardi», deya eslaydi aktyor. Ana xolos, pishdi gilos!
Myagkovning pochta qutisi har kuni xatlarga to`lib ketardi. Ayollar maktublarining birida uchrashishni so`rashsa, birida birga rasmga tushishni iltimos qilishardi. Hatto, bitta muxlisasi aktyorga yigirma yil maktub yozadi.
Yangi yil kuni yuzlarimizga tabassum yugurtiradigan, qalbimizga iliqlik baxsh etadigan Lukashini yaxshi ko`rmay bo`larkanmi, o`zingiz ayting?!
Oradan o`ttiz yil o`tib, «Taqdir hazili»ning ikkinchi fasliga Myagkovni taklif qilishadi. Aktyor jon deb taklifni qabul qiladi, axir qahramoni baxtli, o`ziga ishongan va hushyor edi-da, xuddi o`zidek!
Peshanasi yarqiragan Novoselsev
Ryazanov aktyorning iste`dodini to`laqonli ekranga olib chiqqan rejissyor. «Taqdir hazili», «Ishdagi ishq», «Garaj», «Shavqatsiz romans» — bir-birini takrorlamaydigan qahramonlar.
«Ishdagi ishq» filmini suratga olishdan oldin Andrey rejissyorga qat`iy shart qo`ydi: «Novolselsev Lukashinga o`xshab qolmasin!»
Shu vajdan Myagkovning peshanasini yarqiratishdi, kulgili mo`ylov yopishtirishdi, kamiga ko`zoynak ham qo`ndirishdi. Novolselsev qiyofasida ko`zguga boqqan Myagkovning ayollar uni bu aftodahol va kulgili bashara bilan sevib qolmasliklariga ishonchi komil edi. Chuchvarani xom sanagan aktyor o`shanda qahramonidek mehnatkash, sodda, ko`ngli ochiq va bolajon erkak ayol zotining ko`nglini zabt etishini bilmagan chog`i.
Rejissyor, yozuvchi va rassom
Betakror iste`dod egasi Andrey Myagkovni hamkasblari «Aqlli inson va aqlli aktyor», deya ta`riflashadi. Va albatta, serqirra ijodkor. U ancha yil muqaddam Aleksandr Galinning «Retro» dramasini sahnalashtirdi. Tanqidichilarning ta`kidlashicha, juda kuchli va o`yga toldiradigan sahna asari bo`lgan. Myagkovning o`zi esa «Mening hayotim ajoyibotlarga boy. Faqat ularni ko`proq kutishimga to`g`ri keladi», deydi sochiga oq oralaganda teatr ishiga qo`l urgani haqida.
Aktyorning detektiv janrdagi asarlari kitob shaklida nashr qilingan, o`quvchilar tomonidan munosib baholangan.
Bundan tashqari, u rasm chizadi. Mo`yqalam bilan molbertda tuyg`ularini aks ettirishni bolalikdan orzu qilardi. Hozir inson xarakteri va hislari haqida so`zlovchi ko`plab portretlar muallifi.
Sevgi bor!
«Meni Lukashinga o`xshatishlarini istamayman», deya ming gapirmasin, baribir qahramoni bilan Myagkov o`rtasida o`xshashlik bor. Taqdirning hazilini qarangki, Lukashin Moskvadan Leningradga borib, Nadyasini uchratgan bo`lsa, Andrey Leningraddan Moskvaga kelib, muhabbati bilan topishadi. Aktrisa Anastasiya Voznesenskaya bilan birga MXAT maktab-studiyasida birga o`qigan. Qiz bag`oyatda go`zalligi sabab, oshiqlari bisyor edi. Shundanmi, bolalarcha beg`ubor Myagkovga bo`lgan tuyg`ularida ikkilanardi: «Nahot shu inson bir umrlik yo`ldoshim bo`lsa? Yo`q, shoshmaslik kerak!», deya o`ylardi u. Yigit esa bir qarashdayoq «Avvaliga do`stlik, keyin ko`nglini zabt etish yo`lida urinishlar shartmas! Aynan shu qiz, boshqasi emas», deya qat`iy qarorga kelgandi. Oshiq Myagkov Anastasiya Voznesenskayaning muhabbatini qozonmoq uchun guldastalar ham tuhfa qildi, hatto gitara chalib qo`shiq ham kuylab berdi. Romantik-da! O`qishni tugatgach, oila qurgan bu juftlikning to`ylari kichik davrada, juda fayzli o`tdi. Ularning uch nafar farzandlari bor. O`n ikki yil «Sovremennik» teatrida birga ishlashdi, «s`yomka» maydonlariga birga borishdi (ikkinchi tomon filmda suratga tushmayotgan bo`lsa-da), gastrollarda ham ular bir-biriga yo`ldosh edi.
Ko`p hollarda er ham, xotin ham san`at olami vakili bo`lsa, oiladagi tinchlikka putur etadi. Rashk, mashhurlik o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Biroq ularning hayotida bunday qaltis vaziyatlar bo`lmadi. Ayol bor mehrini, kuchini oilaga bag`ishladi, toki eri iste`dodini tarixga to`laqonli muhrlasin!
Bundan ko`p yillar oldin Andreyning yuragi xastalandi. Yagona chora — operasiya. Lekin aktyor nimagadir tig` ostiga yotishni istamasdi. Ayoli uni ko`ndirdi.
Mana, yarim asrdan buyon ular yonma-yon. Har kech Moskva ko`chalarida qo`l ushlashib sayr qilishadi. Andreyga mashhurlar, hamkasblar davrasi unchalik ham yoqavermaydi, u oilaviy dam olishlarni xushlaydi. Xo`sh, bu oilaning siri nimada?
«Hech qanday sir yo`q! Sevgi bor! Ikki inson bir-birini baxtli qilmoqni chin dildan istashi kerak, xolos! Bir-birisiz yashay olmasliklarini his qilishi lozim», deydi Andrey Myagkov.
Andrey Myagkov chin ma`noda baxtli inson! Axir u bir umr asl va abadiy muhabbati bilan yashab kelmoqda.
Shoira VAFOEVA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi