Homiladorlik — ayolning bir joni ikkiga bo`linadigan payt. Shunday sharoitda qanday qilib ham ona, ham bolaning tishlari sog`lom bo`lishiga erishish mumkin?
Kichkintoyning tishlari ona qornidagi hayotining 40-kunidan shakllana boshlaydi. Ularning naqadar sog`lom bo`lishi esa onaning tishlari va milklari holatiga hamda ularni qay tarzda parvarishlashiga bevosita bog`liq. Farzandingiz dunyoga kelib, birinchi bo`lib ko`radigani — sizning tabassumingiz. U sog`lom va chiroyli bo`lishi kerak. Axir bola uni butun umr yodida saqlab qoladi va keyinchalik tishlarni sog`lom asrash borasida sizdan o`rnak oladi.
Xavf darajasi
Bo`lajak onalarning tishlari salomatligi shifokorlarda katta tashvish tug`dirmoqda. Chunki tug`magan ayollarda o`rtacha 6 ta tish kariesga chalinsa, homiladorlarda ularning soni 10 tagacha boradi. Karies 90 foiz homilador ayollarda uchrarkan.
«Har bir farzanding uchun 3 tadan tish berasan», degan gap bejiz aytilmagan. Zamonaviy talablarga ko`ra esa bo`lajak onaning hatto bittagina sog`lom tishini boy berishi ham mumkin emas. Hozirda homiladorlarning barcha 32 ta injulari shikastlanmasligi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Buning uchun tishlarni to`g`ri parvarishlash va tish shifokori qabuliga faqat ular og`riganda emas, profilaktika maqsadida ham vaqti-vaqti bilan borib turish kerak. Shuningdek:
- kamroq shakar eng;
- shirin, unli va kraxmalli mahsulotlarni kamroq iste`mol qiling. Shokolad, chips, shirin kulchalar karies va milk kasalliklarini chaqiruvchi bakteriyalar uchun qulay sharoit tug`diradi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.