Eng avvalo, nima istayotganingizni puxta o`ylang va quyidagi savollarga javob izlab ko`ring: orzungiz amalga oshishiga ruhan tayyormisiz? Uning ro`yobi yo`lida nimalar qila olasiz? Tasavvur qiling, siz “Milliard so`mim bo`lsaydi”, deb niyat qildingiz. Bir oylikdan ikkinchi maoshgacha etib olishga odatlangan sizdek odam bunday og`ir “yuk”ni ko`tara olarmikan? Katta mablag`ni to`g`ri taqsimlash va ishlatish qo`lingizdan kelarmikan? Shu xususda o`ylang.
O`ylay-o`ylay, bir to`xtamga keldingiz. Mana, endi, istaklar sari dadil qadam tashlash fursati etdi. Birinchi galda orzularingiz haqida o`ylayotib, “emas” yoki “-may-” inkor qo`shimchalarini ishlatmaslikka tirishing. Negaki, sizu bizning har bir fikrimiz samoga etib borib, yana o`zimizga moddiyat bo`lib qaytadi. Shuning uchun “Kasal bo`lishni istamayman” emas, “Shukurki, men soppa-sog`man, har kuni ertalab musaffo osmonni, kulib boqayotgan oftobni ko`rish baxtiga muyassarman”, deyish kerak.
Niyatingiz haqida so`zlayotib, hozirgi zamon fe`lida gapirganingiz ma`qul. Masalan, “Dengizda hordiq chiqarishni orzu qilaman”, degandan ko`ra, “Bu yilyoz faslida dengizga dam olish uchun boraman!”, degan afzalroq. Orzuga ayb yo`q, deydilar, biroq u aniq maqsadga yo`nalgan bo`lsa, amalga oshishi oson kechadi.Istagingiz bir kun kelib, albatta, amalga oshishiga ishoning.
O`zingizni, xuddiki, unga bugun-erta ORZUNGIZGA etishadigandek tuting. Shodu xurram yashashni istasangiz, omadni qo`ldan bermaslikka bugundan harakat qiling. Baxtli bo`lishni orzu qilsangiz, hozirdanoq yuzingizda tabassum paydo bo`lsin. Axir, baxtli inson go`zal tabassumi bilan o`zgalardan ajralib turadi.
Orzungiz haqida ertadan-kechgacha o`ylashdan tashqari uning amalga oshishi uchun o`zingiz nima qilishingiz kerakligini ham o`ylang. Masalan, “Qaynota-qaynonamdan alohida yashashni istayman”, desangiz, bu holda ijara uy ham alohida yashash uchun joy bo`lishi mumkin. Shu bois “O`zimning shaxsiy uyim bo`lsin”, deyishni unutmang.
Istaklarni tasavvuringizda jonlantiring, buning uchun qulay vaqt uyqu oldi hamda erta tongdir.
Orzularingizga atalgan alohida yon daftarcha tutganingiz ma`qul. Imkon qadar uning muqovasidagi surat istaklaringizga mos bo`lsin. har bir niyatni unga muhrlab boring. Tagigaorzungiz amalga oshgan kunning rasmini chizib qo`ysangiz, yanada yaxshi.
Boriga shukur qilishni ham bilish kerak. Shunda kelajak hayotdagi yaxshi-yomon yangiliklarni ortiqcha qiyinchiliksiz qabul qila olamiz.