Bu immunitetning fiziologik pasayishi va so`lakning bakteriosid xususiyati kamayishi bilan bog`liq. Qulay paytdan foydalanib, og`iz bo`shlig`idagi bakteriyalar faol ko`payishni boshlaydi. Ovqat qoldiqlari ularga ozuqa manbai va yopishqoq modda hosil qilishlari uchun xom ashyo vazifasini o`taydi. Mazkur yopishqoq modda yordamida bakteriyalar o`zaro birikib, tish emali ustiga yopishadi va shilimshiq qatlam hosil qiladi. U erda ko`payadigan bakteriyalar esa tish emalini emiradigan kislotani ishlab chiqaradi. Homiladorlarda tish emali shusiz ham zaiflashib qolgan bo`ladi.
Bunga sabab shuki, homiladorlikning 6-haftasidan kichkintoyning tishlari shakllana boshlaydi. Homila kattalashgani sayin shakllanish ham faollashib boradi. Bu esa qo`shimcha kalsiy talab qiladigan jarayon. Agar onada kalsiy tanqis bo`lsa, homila uni tishlardan oladi. Shunday qilib, onalarning tishlari emirilishni boshlaydi. Bu holning oldini olish uchun homilador ayol kuniga 1.500 mg kalsiy qabul qilishi kerak.
Albatta, onalar bolasi uchun jonini ham berishga tayyor, ammo onaning tishlaridan olingan kalsiy baribir kichkintoy uchun etarli bo`lmaydi. Shu sababli uning birinchi yorib chiqqan tishlari emali juda yupqa bo`ladi. Bu kalsiy tanqisligi belgisi bo`lib, chaqaloqning tishlari chiqayotganda turli noxush holatlarni yuzaga keltirishi hamda raxitga olib borishi mumkin. Ona esa tishlaridan ayriladi va osteoporozga chalinish xavfi ortadi.
Maslahat. Homiladorlikning 6-oyida chaqaloqning skeleti faol rivojlanadi. Shu davrda, ayniqsa, tishlaringizga e`tiborli bo`ling. Bu paytga kelib, bo`lajak onalarning ko`pchiligida tishlar mo`rt va sezuvchan bo`lib qoladi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.