Zamonamizning buyuk aktyorlaridan biri — Al PAChINO har qanday rolni ham mahorat bilan ijro eta oladi. Axir uning aktyorlikka, muvaffaqiyatga olib keladigan yo`li chigal va mashaqqatli kechdi. Yo buyuk san`atkor bo`lishi kerak edi, yoki... U qiyinchiliklarni engib, maqsadiga erishdi.
«Ko`z ochib ko`rganim – kino!»
Alfredo Jeyms PAChINO 1940 yilning 25 aprelida Nyu-Yorkda kambag`al italiyaliklar oilasida tug`iladi. Ikki yoshga to`lganida esa ota-onasi ajrashadi va Alfredo onasi va buvisi qarmog`ida qoladi. Јayratli, erga ursa, osmonga sapchiydigan bolakaydan ayollar shunchalik qo`rqishardiki, uni uydan tashqariga chiqarishmasdi. Etti yoshigacha Alfredo odamlardan butunlay uzilib yashadi. Faqat onasi olib boradigan kinoseanslargina uning murg`ak qalbiga oro berardi. Bo`lg`usi aktyor hayotiy tajribani ham, do`stlik haqidagi ilk tushunchalarni ham, haqiqatu yolg`onlarni ham ekranga ko`chirilgan lavhalardan shuuriga singdirdi.
— Onam ishlardi, ammo meni kinoteatrga olib borishga vaqt topardi. Kechki seansdan keyin uxlamasdan ko`rganlarimni o`zim yana boshqatdan xayolan ijro etardim. «Umidsizik» kartinasini tomosha qilganimda juda yosh edim. Filmda Rey Millendning bir sahnasi bor. U mastligida yashirib qo`ygan viski shishasini izlaydi... Ko`pincha uyimdagilar shu sahnani ijro etib berishimni so`rashardi, men jon deb obrazga kirardim. Tomoshabinlarimning yig`lashini, qahramonimga achinishini kutardim, ammo ular hamisha menga qarab kulishardi...
Bezori «aktyor»
Bolakay 7 yoshiga to`lib, maktabga bordi-yu, hayoti o`zgardi. Aktyorlik mahorati sababmi, darrov do`stlar orttirib oldi. Ammo tez orada ustozlari uning tinmay aldashini, to`g`rirog`i, hikoyalar to`qishini sezib qolishdi. Shunda muallimlarining aqlli qarori o`laroq Alfredo maktab drama to`garagida o`ynay boshlaydi. Hatto, o`ziga taxallus ham o`ylab topadi.
— Boshlang`ich sinfda ilk bora sahnaga chiqqanman. Esimda, maktabdagi bolalar dastxat so`rashar, men esa «Sonni Skot» deb imzo chekardim. O`zimga jarangdor ism qo`yib olgandim-da tushunayapsizmi?
Maktab davrida uni kimdir «Sonni» der, kimdir jo`ngina «Aktyor» deb chaqirib qo`ya qolardi. Biroq «Aktyor»ning fe`li o`ziga yarasha edi. To`qqiz yoshida chekishni, 13 yoshida ichishni o`rgandi. Ko`pincha o`zi sababchi bo`ladigan mushtlashishlar uning uchun oddiy hol edi.
Parvoz — «Chayka»
Ammo taqdirdan qochib qutilib bo`lmaydi — aktyorlik uni o`ziga tortardi. 14 yoshida u tasodifan Chexovning «Chayka» spektakli postanovkasiga tushib qoladi. Aynan shu kuni u aktyor bo`lishga qat`iy qaror qiladi. Ta`kidlash joizki, Pachinoning bu qarori aktyorlarning sirli hayoti haqidagi puch xayollar zamirida tug`ilmagan edi.
— Spektaklni sayyor truppa aktyorlari qo`yishgandi. «Chayka» boshlandi-yu... tugadi. Vaqt bir lahzada uchib o`tgandek bo`ldi. Bu mo``jiza edi. «Bunday yozish uchun qanday odam bo`lish kerak-a?» deb o`ylaganim esimda. Darrov Chexovning hikoyalari to`plamini topib, o`qiy boshladim. Bir necha kundan keyin esa bir qahvaxonaga kirdim. Qarasam, o`sha spektaklda qoyillatib rol ijro etgan aktyor ofisiantlik qilayapti. Shunda hayotdagi voqealarning nisbiyligini tushunganman.
Alfredo volidasidan uni oddiy maktabdan Ijro san`ati maktabiga o`tkazishini so`raydi. Onasi o`g`lining iltimosini rad etmaydi. Ammo yomon o`qigani, darslarni qoldirgani sabab 17 yoshida sevimli aktyorimiz bu nufuzli dargohdan haydaladi. Onasi bilan ham qattiq urushib qolib, uyidan ketadi. U duch kelgan erda yashar, hech qanday ishdan tap tortmasdi. Ofisiant, farrosh, kurerlik qilar, sayoq teatrlarda o`ynar va... pul yig`ardi. Aktyorlik bo`yicha ta`lim olish uchun emay-ichmay, topgan pulini tiyin-tiyinigacha jamg`arardi. Shunday qilib, u 1962 yili Charli Loftonning studiyasiga o`qishga kirishga muvaffaq bo`ladi. So`ngra turli teatrlar sahnasida o`zini ko`rsatganidan so`ng mashhur Li Stesbergdan saboq oladi.
«Onam…»
— …muvaffaqiyatlarimni ko`rmay olamdan o`tdi. Esimda, o`n yoshlarda edim. Tepa qavatda turardik. Sovuq. Pastda o`rtoqlarim ko`chada sang`igani meni chaqirishayapti. Onam esa meni qo`ymayapti. Men jahl bilan tinmay baqirardim. Onam ta`nalarimga chidadi. Va shu bilan mening hayotimni asrab qoldi. Axir meni o`sha paytda o`ynagani chaqirgan bolalarning birortasi hozir oramizda yo`q. Agar onam meni ko`chaga chiqarib yuborganida, dars qilishga majburlamaganida, men ham hozir bo`lmasdim. Bu narsalarni kech tushunarkan odam...
Omad keldi!
1967–68 yillar Al Boston teatrida o`ynay boshlaydi va tanqidchilar e`tiboriga tushadi. Hatto, uni mavsumning eng yaxshi aktyori deb atab, maxsus mukofot ham berishadi. Ammo bir narsagina hali uning qo`lidan kelmasdi — pul topish.
— Boston teatrlarining birida ilk gonorarimni olganimda, 25 yoshda edim. O`shanda barga kirib, bir tarelka go`sht buyurtirgandim. Shunda ham yana cho`ntagimda pul qolgandi!
Teatrdagi muvaffaqiyatidan so`ng Al Pachino o`zini kinoda sinab ko`radi. Debyut omadli bo`ladi. Ilk o`ynagan ikki filmi juda mashhur bo`lib ketmagan bo`lsa-da, «Cho`qintirgan ota» filmi rejissyori Frensi Ford Koppolaning e`tiboriga tushadi. U bu rolga da`vogarlik qilayotgan ko`plab Gollivud yulduzlari orasidan aynan Al Pachinoni shu rolga tasdiqlashlarini talab etadi. Nomzodni ko`rishdi-yu, prodyuserlarning hafsalasi pir bo`lib, fig`on qilishdi: «Bo`yini qarang buni, muncha kichkina!» Shunday bo`lsa-da, rejissyor bo`yi pastgina, ko`rimsizgina Pachinoni tanlaydi va hamamiz bilganimizdek, to`g`ri qiladi.
Oyning o`n beshi...
Shubhasiz, bu aktyorimizning ham omadi edi. «Cho`qintirgan ota» filmi katta ekranlarga chiqqanidan so`ng Al Pachino mashhur bo`lib uyg`ondi. Va ko`plab filmlarda suratga tusha boshladi. U «Chandiqli kishi» kabi tomoshabinlar muhabbatiga sazovor bo`lgan kartinalar qatorida bir pulga arzimas filmlarda ham o`ynardiki, tanqidchilar uni goh osmonlarga chiqarib maqtar, goh er bilan yakson qilib urishishardi. Shu bilan birga, aktyor Brodveyda ham o`z san`atini namoyish etar, u ishtirok etadigan spektakllarga odamlar yog`ilib kelardi. Tabiiyki, teatr sohasidagi mukofotlardan ham quruq qolmasdi. Biroq kinodagi ahvoli og`irlasha boshladi: hatto ayrim tanqidchilar ba`zi kinolarning muvaffaqiyatsizligida uni aybladilar. Vujudga kelgan sharoit tufayli 1985 yili aktyor boshqa kinoga suratga tushmaslikka qaror qiladi. To`rt yil davomida u ichadi, chekadi. Qiziqligi, u shu to`rt yil davomida «Mahalliy stigmatik» deb nomlangan filmni oladi, ammo hech qachon uni ekranga chiqarmaydi. Keyin... u ichishni ham, hatto chekishni ham tashlaydi. Xullas, singan yuragini parcha-parchalardan yig`ishga o`zida kuch topadi.
— Bir paytlari ichkilikka ruju` qo`ygandim. Hozir, albatta, hammasini tashlaganman. O`shanda xiyobonda o`tirsam, notanish kishi oldimga kelib hol-ahvol so`radi: «Nima bo`ldi o`zi senga? Nima uchun ko`rinmay qolding?» Men bir nimalar deb ming`illagan bo`ldim. U esa: «Al, men sen xo`v u yoqda, yuqorida turganingni ko`rgim keladi». Shunda tushundim: mening omadim — iqtidorimda. Demak, undan foydalanmasam, bo`lmaydi».
Qaytish va shon-shuhrat
Al Pachino 1989 yili kinoga qaytdi. U suratga tushga birinchi film — «Muhabbat ummoni» tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan zo`r qiziqish bilan kutib olindi. 1992 yili esa «Ayol hidi» filmidagi ajoyib roli uchun «Oskar» oldi. Al Pachino ijodining «oltin davri» keldi: u o`ynagan filmlarning barchasi omadli bo`lardi. Shu payt aktyor o`zi ham ancha-muncha pul ishlab oldi, prodyuserlik ham qildi. Ayniqsa, «Iblisning advokati» filmidagi roliga teng keladigani bo`lmadi. 2000-yillar ham muvaffaqiyat uni tark etmadi. Endi u qaysi kinoda chiqmasin, bu sifat belgisi hisoblanardi.
Shaxsiy hayot
Ayollarni sevgan va ayollar sevgan aktyorimizni birorta ham sohibjamol nikoh rishtalari bilan o`ziga bog`lay olmagan. Lekin uch nafar farzandi bor. Aktyorlik mahoratidan saboq beruvchi muallima Yana Terrant 1989 yil unga Juliya Maria ismli qizaloqni tuhfa etgan bo`lsa, egizaklari Antonio Jeyms va Oliviyu Rouzni 2001 yili aktrisa Beverli D’Andjelo dunyoga keltirgan. Al Pachino hamisha «Hayotimda ro`y bergan voqealarning eng zo`ri, bu — farazandlarining tug`ilishidir», deb ta`kidlaydi.
– Nima uchun biz katta ishlarga qo`l uramiz? Hayotda o`z o`rnimizni topgimiz keladi. Ammo topishning o`zi kifoya emas. Muhimi to`xtamaslik. Bilasizmi, mana bunday maqol bor: «Kimki ahmoqona sanalgan ishini o`jarlik bilan davom ettiraversa, bir kun kelib donishmandga aylanadi».
ShODIMULKBONU tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi