O`tgan yilning 31 oktyabrida mamlakatimiz rahbarining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu hujjat doirasida bir qator ijobiy o`zgarishlar bo`ldi. Ayniqsa, narx belgilash bilan bog`liq yangi tartib-qoidaga ko`ra, dori vositalarining narxi sezilari pasaydi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash, xalqimizni sifatli va arzon dori vositalari bilan ta`minlash tizimi takomillashtirildi.
Ammo olib borilayotgan monitoring ishlari, kelib tushayotgan murojaatlar dori-darmon ta`minoti va narxi masalasida hal etilishi lozim bo`lgan masalalar borligini ko`rsatdi. Shu nuqtai nazardan joriy yilning 17 iyulida «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi Prezident qarori imzolandi. Mazkur hujjat avvalgisining mantiqiy davomi sifatida joriy etilmoqdaki, bunda o`z echimini kutayotgan ko`plab masalalar qamrab olingan. Xususan, hujjatda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta`minlash, sun`iy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Shunday tadbirlardan biri 2017 yil 1 avgustidan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish istisno tariqasida «O`zmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan Tibbiyot muassasalari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni nazorat qilish bo`yicha respublika komissiyasi tasdiqlaydigan narxlarda to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar bo`yicha tender savdolari o`tkazilmasdan amalga oshirilishi bo`ldi.
Buning amaliy ahamiyati shundaki, ilgari xorijdan xarid qilinayotgan dori vositalari to yurtimizga kiritilib, dorixonalarga tarqatilguniga qadar bir necha bosqichlardan o`tardi. Natijada ortiqcha rasmiyatchiliklar sabab, zarur dori belgilangan muddatidan kechikib etib kelardi. Dori vositalarining tender savdolarisiz xarid qilinishi ayni shu masalaga echim bo`lishi kutilmoqda.
Kuni kecha «O`zmedeksport» respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Rossiya Federasiyasining “Farmstandart” aksiyadorlik jamiyati bilan o`zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Memorandumning maqsadi dori-darmon ta`minoti bo`yicha tomonlar uchun o`zaro manfaatli bo`lgan uzoq va ishonchli hamkorlikni yo`lga qo`yishdir. Hujjatga ko`ra, ushbu memorandumning amal qilish muddati uch yil etib belgilandi.
Ma`lumot uchun Rossiya Federasiyasining “Farmstandart” aksiyadorlik jamiyati dori-darmon tayyorlash va ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi yirik farmasevtik kompaniya hisoblanadi. U yiliga 17 milliarddan ortiq o`ramdagi ko`plab turdagi dori-darmon ishlab chiqarish quvvatiga ega.