K Kundalik taomnomada qoldiq to`qimaga boy oziq-ovqat mahsulotlarining etarli miqdorda bo`lishligiga e`tibor bering. Xususan, qishda har kuni meva va sabzavotlar, yormalar, meva qoqisi iste`mol qiling. Shuningdek kepakli non, suli yormasi, o`simlik moylaridan iste`mol qilib turing.
“Mevalar kamalagi”: quritilgan qora olxo`ri, anjir, bargakdan teng miqdorda olib, go`shtqiymalagichdan chiqaring. So`ng shuncha miqdorda asal qo`shing-da, muzlatgichda saqlang. Kechqurun yotishdan oldin 1 osh qoshig`ini yarim piyola iliq qaynagan suvga aralashtirib iste`mol qiling.
Buyrak kasalliklari, qon bosimining yuqoriligi kuzatilmasa, kunlik suyuqlik miqdorini saqlash zarur (kunlik me`yor 1,5 – 2 litr suyuqlik – choy, suv, sharbat, gazsiz ma`danli suv, kompot, sho`rvalar).
Ko`proq jismoniy harakat qiling – piyoda sayr, velosiped haydash, yugurish shular jumlasidan. Qorin mushaklarini mustahkamlovchi maxsus mashqlarni bajaring (mutaxassis bilan maslahatlashgan holda).Nahorda va yotish oldidan qaynatib sovutilgan suvni muzlatgichda muzlatib, qayta eritilgan 1 piyolani ichish, ertalab esa qorin devorini soat millari bo`ylab uqalash tavsiya etiladi.
Dorivor giyohlardan sano, kalleziya, arpabodiyon, marmarak, moychechak, o`rmonqorin yig`malaridan damlama tayyorlab iching.
Ichni yumshatib qabziyatni bartaraf etuvchi vositalardan biri zig`ir urug`idan tayyorlangan damlama hisoblanadi. 1 o`rtacha qoshiqda zig`ir urug`idan olib, ustiga bir piyola qaynoq suv quyiladi va yaxshilab o`rab qo`yiladi. Damlama ilib qolgach, dokadan suzib ertalab va kechki payt yarim piyoladan ichiladi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi