Aktyor Muhammadiso ABDULXAIROVning oshxonada “ijod” qilayotganiga ko`zingiz tushmagan. "Darakchi" gazetasining "O`zbegim oshxonasiga" loyihasi orqali italyan oshxonasiga mansub spagetti va pissani xush ko`ruvchi aktyor shu oshxonaga mansub ajoyib taom reseptini siz bilan bo`lishadi. Bunda “Palete” restorani oshpazi Bahrom Haqnazarov yaqindan yordam berdi...
Xamir uchun zarur masalliqlar:
● 200 gr. un,
● 3 ta tuxum,
● 50 gr. zaytun yog`i,
● 20 gr. kalmar bo`yog`i.
Sous uchun zarur masalliqlar:
● 100 gr. qaymoq,
● 40 gr. sho`rroq pishloq.
Zarur masalliqlar:
● 100 gr. tovuq to`shi,
● qizil sabzining beshdan bir qismi,
● yarimtadan qizil va yashil bulg`or qalampiri,
● kabachkining to`rtdan bir qismi,
● qizil piyozning to`rtdan bir qismi.
● 6 dona qo`ziqorin.
Xamirining tayyorlanishi:
Tuxum, zaytun yog`i va kalmar bo`yog`i solib, qattiq xamir qoriladi.


Tingan xamirni zuvalachalarga bo`lib, yupqa qilib yoyiladi va tasmacha qilib kesiladi.



Tasmachalarni qaynab turgan tuzli suvda 2 daqiqa pishiriladi, xamirni suvda ko`p ushlamang.
Sabzavotlarning tayyorlanishi:

Sabzavotlar va tovuq to`shi somoncha shaklida to`g`raladi.



Qo`ziqorin esa katta bo`lsa — oltiga, kichik bo`lsa — to`rt bo`lakka bo`linadi.

70 gr. zaytun yog`i solingan tovaga sabzi, qizil va yashil bulg`or qalampiri, kabachki solib, yaxshilab qovuriladi.

Keyin qo`ziqorin va piyoz solinadi. Biroz qovurgach, tovuq to`shi ham qo`shib pishiriladi. Ketma-ketlikka e`tibor bersangiz, bas. Albatta ta`bga ko`ra, tuz va murch solishni unutmang.

Masalliqlarning ustiga pishgan xamir solib, 2 daqiqa qoviriladi.



Tayyor taomni likopchaga solib, sous quyib, didingizga qarab istalgan sabzavot bilan bezatishingiz mumkin.
Sous tayyorlash:
Tovaga qaymoq va qirg`ichdan chiqarilgan pishloq solinib, past olovda aralashtirib turiladi.


Pishloq erib, sous quyilgach, tayyorligi bilinadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Alisher XOLXO`JAEV






