Turkiyaning Denizli viloyatida o‘tkazilgan to‘y marosimi vaqtida havoga o‘q uzish oqibatida 11 nafar kishi jarohat oldi. Bu haqda Milliyet nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 21 iyun kuni Chivril tumaniga qarashli Kiralan mahallasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kelinni kuzatish marosimi vaqtida 15 yoshli o‘smir an’anaga ko‘ra havoga o‘q uzmoqchi bo‘lgan.
Biroq miltiqdan chiqqan sochma o‘qlar yerga tegib qaytgan va to‘y ishtirokchilariga tekkan. Oqibatda 11 nafar kishi turli darajada jarohat olgan.
Jabrlanganlarning barchasi shifoxonaga yetkazilgan. Keyinchalik ulardan ikki nafari qo‘shimcha tibbiy ko‘rik va davolanish uchun Denizli shahridagi tibbiyot muassasalariga yuborilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlarning hayotiga xavf yo‘q.
Hodisadan keyin o‘smir politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, Turkiyaning ayrim hududlarida to‘ylar, harbiy xizmatga kuzatish marosimlari va boshqa bayram tadbirlarida havoga o‘q uzish an’anasi hali ham saqlanib qolgan. Mutaxassislar bu kabi holatlar har yili o‘nlab odamlarning jarohat olishi va ayrim hollarda halok bo‘lishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.






