AsosiySUG'DIYONA

O`G`LIM GIYoHVAND BO`LIB, O`LIB KETDI. HAMMASIGA KELINIM AYBDOR!

'O`G`LIM GIYoHVAND BO`LIB, O`LIB KETDI. HAMMASIGA KELINIM AYBDOR!'ning rasmi

Munosabatlar ko`zgusida yana qaynona-kelinlarning ichki olamini ko`rishga urinib ko`ramiz. Ehtimol biz tushunolmayotgan, bizga yoqmayotgan jihatlarning o`ziga xos sababi borligini, qaynonalarimizning so`zlari dilimizni og`ritsa-da, ko`nglidagi o`ylar ba`zan bizning foydamizga ekanligini tushunib olarmiz.

Kelin: «Meni bolalarimga yomonlaydi…»

Ominaxon: Qaynonam boshimga ne kunlarni solmadi, deysiz. Ovqat bermagan, uyimga kirgizmagan, erim ikkisi menga qo`l ko`targan paytlari bo`lgan. Necha marta uyimga ketib, so`ng yana erimni ko`zim qiymay, bir kun yaxshi bo`lib ketar, deb qaytib kelaverganman. Erim giyohvandlikka berilib, o`zini xarob qilgach, ikki bolam va qaynonam bilan bir uyda o`zimiz yashay boshladik. Yolg`iz o`zim oila boqayotganim etmagandek, hali ham qaynonamning zug`umlari ostida yashayman. Har qadamimni tekshiradi, qo`ng`iroq qilganida javob berolmay qolsam, meni ko`cha ayolidan olib, engiltakka soladi. Pardoz qilishim, yangi kiyim kiyishimga ham qo`ymaydi. Katta qizim 18 yoshga kirdi, eshigimizni qoqib sovchilar kelayapti. Kichik o`g`limga beriladigan boquvchisini yo`qotganlar nafaqasini yig`ib qo`ygandim, shunga uylarni ta`mirlataylik, desam ham ko`nmaydi. Qizim va o`g`limga mehribon buvilik qilib, ishdaligimda issiq-sovug`idan xabardor bo`lib ham turmaydi, meni ularga yomonlagani-yomonlagan.

Qaynona: «Hammasiga u sababchi!»

Mohira opa: — Hammasiga shu kelinni sababchi deb bilaman. Agar shuning akasi bo`lmaganida o`g`lim giyohvand bo`lib, o`lib ketmasdi. O`shanda shu qizni olaman, deb turib olmaganida hozir yolg`izgina bolam yonimda bo`lardi. Yaxshiyam nevaralarim bor, shularni o`ylab, o`zimni ovutaman. Oilam xarob bo`lib, endi yana keliniyam bunaqa bo`lib ketdi, degan gap chiqishiga chiday olmayman. Shuning uchun odmiroq, siporoq yuring, ertaga qiz uzatasiz, yolg`iz ayolni hamma har xil gap qiladi, desam, kelinim ensasini qotiradi. Uyni ta`mirlataylik deb qo`ymayapti, axir oladigan maoshi bilan katta qurilish qilib bo`lmaydi, qaerdan olmoqchiykan bu pulni, shubhalanishga asosim bor-ku! Men juda charchagan ayolman, ortiqcha bir gap ham yoqmaydi.

Ko`zgu nima deydi?

Ominaxon — endigina tinchi va o`zligini topgan, Mohira opa esa aksincha, qaddi ham, zavqi ham bukilgan ayol. Farzandni yo`qotish azobini boshqa hech bir iztirobga tenglashtirib bo`lmaganidek, Ominaxon ham shuncha yil chidagan qaynonasining shu shikasta paytida ko`nglini olishga uringani durust. To`g`ri, Ominaxonga avval ham, hozir ham oson bo`lmaydi. Ikkovi bir uyda yashayotgan ekan, demak, hali oilaviy totuvlikka umid qilsa bo`ladi. O`zini hech kimga keraksizdek his qilmaslik uchun keksa odamning besh kunlik umrida hurmat qilishga Ominaxon o`zida kuch topishi kerak. Niyati va maqsadlarini ochiq aytib, yaxshi gap bilan tushuntirishi lozim. Farzandlariga ham buvisiga nisbatan mehr ko`rsatishi kerakligini uqtirishi shart.

Xullas, bu bahsli mavzu. Lekin qaynona-kelin bir-birini tushunib yashasa, muammolarga o`rin qolmaydi, oilalarning tinchi buzilmaydi, ko`ngillar xufton bo`lmaydi. Har biringizning oilangiz mustahkam bo`lsin!

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar