07.12.2013 13:08
RUSLAN ShARIPOV:"Boshimga musibat tushganda Shogirdlarimni topa olmadim"
“Ilk qo`shig`im tanqidga uchragan”
— “Sado” guruhi tarqalib ketgandan so`ng, Kumush Razzoqova “Navo” guruhida faoliyatinidavom ettira boshladi. Gapni shundan boshlashimdan maqsad, ijodimni aynan shu guruhda boshlaganman-da! “Assalomu aleykum, kelinglar” qo`shig`ini yozib bergandim. Shu
qo`shiq bilan ko`plab davlatlarga gastrolga borardik. Sira yodimdan chiqmaydi, qo`shiqni ilk bor eshitgan hay`at a`zolari “O`g`irlangan-ku!” deb e`tiroz bildirishgandi. Tan olaman, “Yalla” guruhi “Shahrisabz” qo`shig`ining kuylanish usuliga o`xshash. Ammo so`zlari ham, naqorat va musiqa tomondan ham bir-biridan farq qiladi. Qisqasi shu qo`shiq borasida qator tortishuvlar bo`lgan. O`sha vaqtlari musiqa bilim yurtining ikkinchi bosqich talabasi edim. Katta-katta bastakorlar e`tiroz bildirishgani ham yodimda (kuladi).Axir ular qolib mening qo`shig`imni tanlab olishgandi-da! Xullas “tashrif qog`ozim”ga aylangan qo`shig`im qator mulohazalarga sabab bo`lgan.
Bilasizmi, o`sha damlarni eslasam, kulgim keladi. Sababi, o`zbek estradasining barcha vakillari ikkita katta sariq “Ikarus” avtobusiga sig`ardi. Menimcha, hozir yuztasiga ham joylashishi amri mahol (samimiy kuladi).
“Hayot davom etar…”
— Har bir qo`shig`im farzandimdek gap. Qalbimda hammasi o`ziga xos o`ringa ega. Aslida xonanda edim, o`zim bastalagan qo`shiqlarimni yaqinlar davrasida kuylab yurardim va haligacha kuylayman. Istagan mavzuda qo`shiq kuylashim mumkin, bu borada irim qilmayman. Ammo bu mavzularga engil yondashaman, degani emas. She`rni osongina qo`shiq qilmayman. Ish jarayonida unga bir qancha o`zgartirishlar ham kiritaman. So`zlarining o`rnini almashtirishim, qo`shimchalar qo`shishim mumkin. Qisqasi, juda injiq odamman. Bu fe`limni men bilan hamkorlikda ishlaganlar yaxshi bilishadi. Qo`shiqdagi arzimagan xatoni ham hazm qila olmayman. Balki shuning uchun qo`shiqlarim soni boshqa ijodkorlarnikiga nisbatan kamroqdir. Bilasizmi, ko`p joylarda “Do`st”, “Yo`qchilik”, “Hayot davom etar...” kabi qo`shiqlarimni so`rashadi, xursand bo`laman. Demak, faqat bastakor emas, xonanda sifatida ham hurmatga loyiq ekanman.
“10 daqiqadayaralgan qo`shiq”
— “Eski shaharda o`sganman, jonim” qo`shig`ini ishonsangiz, o`n daqiqada yozganman. Tohir Sodiqov haligacha “Qanday qilib, qisqa vaqt ichida yozish mumkin?” deb so`raydi. To`g`risi, bu savolga menda javob yo`q. Ilhom kelgan va qog`oz qoralaganman, tamom! To`g`ri, so`zlari sodda bo`lishi mumkin. Ammo 1991 yilda yozilgan bu qo`shiq xalq mehrini qozondi va haligacha xit darajasini yo`qotmadi. Yozgan qo`shiqlarimning umri uzoqligidan xursand bo`laman. “Bugun bayram”, “O`zbekiston yoshlari” kabi qo`shiqlarim hali ham xalq orasida mashhur.
O`z vaqtida ko`plab yosh xonandalar bilan ijod qilganman. Ozmi-ko`pmi san`atda o`z o`rnini
topishlariga hissamni qo`shganman. Masalan, Tohir Sodiqov, sobiq “Setora”, “Shahzod” va “Xo`ja” guruhlari. Bu ro`yxatni hali uzoq davom ettirishim mumkin. Ularning ijodi va erishayotgan yutuqlarini ko`rib faxrlanaman. Lekin tan olish kerak, ular orasida eng mashhuri bu — “Bolalar” guruhi. Guruhga nom tanlash munozaraga sabab bo`lgandi o`shanda. Chunki guruh vakillari “bu nom juda oddiy. Qolaversa, yoshimiz ellikka borganida bu nom bilan qanday ijod qilamiz?!” deyishgandi-da! O`shanda “Etmish yoshli qariya ham o`zini yosh deb biladi. O`z og`aynilariga “bolalar” deya murojaat qiladi”, deb javob qaytargandim. So`zim o`z isbotini topdi. Ular hali ham “Bolalar” va ijod qilishyapti!
“Oilamdan ko`nglim to`q!”
— Baxt bu — necha qavatli uyda yashashing yo avtomobillar soni qanchaligida emas, balki ko`ngil xotirjamligida. Katta boyligim — uchta qizim. Kattasi 24 yosh, hozirda onasi — birinchi turmush o`rtog`im Nargiz Zokirova bilan AQShda istiqomat qiladi. Ikkinchi oilamdan ham ikkita qizim bor. Ular hozir maktabda o`qishadi. Qizlarimning musiqa bilan shug`ullanishlariga qarshi emasman. Ammo kelgusida qaysi soha vakili bo`lish o`zlarining ixtiyorida. Allohga shukr, rafiqam yonimda, doim meni tushunadi va qo`llab-quvvatlaydi! 2008 yil men uchun anchayin og`ir va sinovlarga boy bo`ldi. Shu sabab, hatto bir yil davomida uydan chiqmay o`tirdim. Rosti, ijod qilishga qo`lim bormadi. Moddiy jihatdan ham muammolarga duch keldim. Shukr, yaqinlarim ko`magi sabab, bari ortda qoldi. Boshimga musibat tushganda atrofimdagilarning asl qiyofalari namoyon bo`lgan. Shogirdlarimni topa olmasdim... Bu holat kishiga qanchalik og`ir botishini, mening vaziyatimga tushganlar yaxshi tushunadi. Bugun bari izga tushdi, lekin o`sha voqealardan o`zim uchun etarlicha katta xulosa chiqardim.
“Ijoddan to`xtaganim yo`q!”
— Qaerga bormay doim “Nega ijod qilishdan to`xtadingiz?” degan savolga duch kelaman. Bunga javoban baralla “Men ijod qilyapman!” deyman. Aslida yangi qo`shiqlar yozish men uchun qiyin ish emas. Bir qancha qoralab qo`ygan qo`shiqlarim ham bor. Ularni xalqqa taqdim etishdan avval, rejalashtirib qo`ygan katta loyihamni amalga oshirish istagidaman. Barcha yozgan qo`shiqlarimni yangi oranjirovkada “popuri” qilib kuylamoqchiman. Shundan so`nggina yangi qushiqlarimga navbat keladi. Kelasi yil 48 — muchal yoshimni qarshilayman. Aynan shu sana munosabati bilan “Istiqlol” san`at saroyida yakkaxon konsert dasturimni taqdim etmoqchiman. Konsertda yangi ijod namunalarimdan tashqari, asosan ayol xonandalar bilan duetlar guldastasini taqdim qilaman. O`zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullaeva va Kumush Razzoqova shular jumlasidan. Rosti, konsert borasidagi g`oyalarim bisyor. Faqat ularni amalga oshirishda menga biroz vaqt etishmayotgandek. Qisqasi, hozir ijod qilishga ishtiyoqim katta!
Ijodimdagi tanaffusning yana bir sababi — bir nechta jarrohlik operasiyalarini boshdan o`tkazdim. Ovoz payidagi o`simtani olib tashlash va ko`z jarrohligi shular jumlasidan.
Operasiyadan so`ng uch oy pichirlab gaplashishimga to`g`ri keldi. Ovozim avvalgi holiga
qaytgunicha qator mashqlarni bajarishimga to`g`ri keldi. Bu jarayon hali ham davom etmoqda. Ko`nglimni ranjitadigani — odamlarning men haqimdagi turli gap-so`zlari bo`ldi. To`g`ri, ichkilik sabab, ko`pgina xatolarga yo`l qo`ygandirman. Lekin bari ortda qoldi. O`sha ishlarim uchun o`zimni o`zim koyiyman! Ayni kunlarda sog`lom turmush tarziga asoslanib umr kechiryapman. Maqsadim esa bitta – ijodga qaytish.
Hadiya ABDULLAEVA
suhbatlashdi