15-17 may kunlari Qirg`izistonning Bishkek shahrida "O`zbek kinosi kunlari" tadbirlari bo`lib o`tadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Aksiya doirasida Bishkekning "Rossiya" kinoteatrida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Sabot", "O`zbek qizi", "Abdulla Oripov" filmlari namoyish etiladi.
Shuningdek, Kinematografiya agentligi direktori o`rinbosari Alisher Xo`jaev, O`zbekiston kinoarboblari uyushmasi raisi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Matyoqub Matchonov, rejissyorlar Rashid Malikov, Elyor Ishmuhammedov, taniqli aktrisalar Nigora Karimboeva va Feruza Saidovalardan iborat O`zbekiston delegasiyasi Qirg`iziston Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligi rahbari bilan uchrashuv o`tkazishi rejalashtirilgan.
Dastur yakunida esa delegasiyaning “Ak-Ilbirs” Milliy kino mukofotini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosimda ishtirok etishi ko`zda tutilgan.