Kompyuter yoki noutbukingizdagi “Firewall” himoya dasturi doim yoniq tursin. U internet va boshqa tarmoqlardan keladigan hujumlarni qaytarishda eng samarali qurol hisoblanadi. Odatda,Windows va Mac operatsion tizimlarida “Firewall” dasturi oldindan o`rnatilgan bo`ladi. Kompyuter/noutbukingizga antivirus dasturini o`rnating. Windows 7 va undan yuqori versiyadagi operasion tizimlarga antivirus dasturi (Windows Defender) o`rnatilgan bo`ladi va ular odatda deyarli barcha internet tahdidlarini qaytarishga kifoya qiladi (Albatta, internetdan mas`uliyat bilan foydalanganingizda). Mac operasion tizimida ishlovchi kompyuterlar ham internet tahdidlariga bardoshli ekani bilan taniqli va odatda, ularga ham qo`shimcha antivirus dasturini o`rnatishga hojat bo`lmaydi. Windowsning boshqa, eskiroq versiyalarini ishlatuvchi foydalanuvchilarga ayrim bepul antivirus dasturlarini tavsiya qilamiz:
Avast! Free Antivirus:
https://www.avast.com/
AVG Antivirus:
http://www.avg.com/affiliate/ww-en/free-antivirus-...
Internetdan bo`ladigan yangi tahdidlarga qarshi muhim himoya vositalariga ega bo`lish uchun operasion tizimdagi yangilanishlarni (update) o`z vaqtida ko`chirib olib, tizimni yangilab boring.
Shubhali narsalarni, dasturlarni aslo kompyuter/noutbukingizga ko`chirib olmang va ularni o`rnatmang. Ular ma`lumot o`g`irlovchi yoki kompyuteringizni buzuvchi zararli dasturlar yoki viruslar bo`lishi mumkin. Antivirus dasturlari o`rnatilgan taqdirda ham, ayrim “virus”lar o`tib ketishi mumkin.
Ishlatmayotgan paytingiz kompyuter yoki noutbukingizni o`chirib qo`yishga odatlaning.
Birovlarning diski yoki USB-drive xotira fleshkalarini kompyuter/noutbukingizga ulashda ehtiyot bo`ling. Ular “virus” bilan zararlangan bo`lishi mumkin.
Agar bitta kompyuterni birdan ortiq odam ishlatsa, har bir foydalanuvchi uchun alohida profil (account) oching.
Kompyuterdagi ma`lumotlarni har doim saqlab (backup) qo`ying. Ularni alohida xotira disklarida yoki onlayn axborot saqlash saytlariga ko`chirib qo`yishingiz mumkin. Google Drive va Dropbox kabi ma`lumot saqlash xizmatini taqdim etuvchi saytlarda bepul 15-20 gigabaytgacha joy olishingiz mumkin.