Ming hijolat bilan bo`lsa-da o`zimni qiynayotgan muammoni oshkor etishga jur`at qildim. Avvaldan ko`kraklarim katta bo`lgan. Turmushga chiqib farzand ko`rganimdan keyin, muammo yanayam kattalashdi. Tanish-bilishlarim farzandingni ko`krakdan chiqarganigdan keyin hammasi yaxshi bo`ladi, deb ta`kidlashardi. Mana bir necha oy avval bu ishni ham qildim. Lekin befoyda. Biror chorasi topilarmikan deb tahririyatga murojaat qilayapman. O`ylaymanki, bu birgina meni emas, boshqa ayollarni ham o`ylantiradigan muammo. Uning echimini topishda ko`maklashsangiz xursand bo`lardim.
Iroda
Nimasi «bosh og`riq»?
Tan olish kerak atrofimizda «Qaniydi ko`kraklarim biroz kattaroq bo`lsa...» deguvchilar ko`plab topiladi. Biroq me`yordan katta siynalar ham bir qator noqulaylikdarni keltirib chiqaradi. Masalan, umurtqa pog`onasiga doimiy og`irlik tushishi natijasida og`riqlar bezovta qila boshlaydi. Shuning uchun ayollar umurtqa pog`onasidagi mushaklarni mustahkamlovchi mashqlarni muntazam bajarib borishlari lozim. Qolaversa issiq kunlarda terlash, turli toshmalarning toshishi ham halovatingizni buzishi mumkin. Unda nima qilish kerak?
Suzishni bilasizmi?
Tibbiy nuqtayi nazardan ko`krakning hajmi naslga va gormonal muvozanatga bog`liq hisoblanadi. Bu omillarni chetlab o`tishning imkoni yo`q, albatta. Biroq ko`pgina xonimlar muammoni ortiqcha santimetrlar bilan birga orttirib olishadi. Shuning uchun ham vaznning kamayishi ko`krak hajmiga ham ta`sir ko`rsatadi. Demak galdagi vazifangiz ortiqcha santimetrlardan xalos bo`lish. Bilasiz, buning bir qancha usullari mavjud. Shular orasida eng samaralisi sport mashg`ulotlari hisolanadi. Ushbu muammodan aziyat chekayotgan ayollarga mutaxassislar barcha mushaklarni bir yo`la harakatga keltiruvchi suzish sport turi bilan shug`ullanishni tavsiya etishadi. Chunki u nafaqat ko`krak hajmini ixchamlashtiradi, balki uning shaklini ham yaxshilaydi. Biroq qancha tez ozsam, shuncha yaxshi deb o`ylamang. Natija sari asta-sekinlik bilan harakatlaning. Ha aytgandek, oldingizga maqsadni jiddiy qo`ygan ekansiz, vaqt topgan zahotingiz turli gimnastika mashqlarni ham kanda qilmang. Aytaylik, engil gantellarni olib (plastik idishga suv to`ldirib foydalansangiz ham bo`ladi), qo`llaringizni yon tomonga yoying. So`ng ularni huddi garmon chalgandek harakatlantirasiz. Mashqni har kuni 20-25 martadan bajarish lozim.
Tanlovda adashmang!
Ushbu muammoning chorasini izlayotgan ayollar siynaband tanlay turib o`z o`lchamlaridan kichigiga ixtiyor berishadi. Qanchalik tortib tursa, shuncha yaxshi deb o`ylashsa kerak-da. Aslida, bu xatongiz muammoni yanada bo`rttirib qo`yishini tushunishingiz lozim. Siynabandning o`zingizga mosini (imkon qadar porolonsizini) tanlashdan uyalmang. Yodingizda bo`lsin, haddan tashqari tortib turuvchi ichki kiyimlar onkologik xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jarrohlik
Ha, muammoni plastik jarroh bilan hal etishingniz ham mumkin. Biroq tig` ostiga yotishga ko`pchilik ayollar jur`at etishmaydi. Bu usulning ham o`ziga yarasha «+» va «-» tomonlari mavjud. Agar muammoni hal etishning ushbu usuli haqida o`ylayotgan bo`lsangiz, birinchi navbatda kelajakda farzand ko`rishni istaysizmi, uni ko`krak suti bilan oziqlatirish niyatidamisiz? Shu savollarga javob topishingiz darkor. Chunki reduksion mammoplastikada a`zodagi yog`lar bilan birga sut bezlarining bir qismi ham olib tashlanishi mumkin.
- Odatda ko`krak hajmini ikki baravarga kichraytirish imkoniyati mavjud.
- Jarrohlikdan keyin boshqalarga sezilmasa-da, albatta chok izlari qoladi.
- Operasiya jarayonida nerv to`qimalariga ziyon etgani bois, tiklanish davrida og`riqlar, uvishishlar bo`lishi mumkin. Qolversa, sezgilar avvalgi holiga qaytishiga kafolat berilmaydi.
- Amaliyot umumiy narkoz ostida o`tkaziladi. Organizmning tiklanish jarayoni 5-7 kun davom etadi. O`zingiz istagan natijani esa 3 oydan keyin kuzatishingiz mumkin.
MAFTUNA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






