— Qirq ikki yoshdaman. Turmushga chiqqanimga yigirma bir yil bo`ldi. Turmush o`rtog`im chet elga qatnab ishlaydi. Qaytona-qaynonam azaldan biz er-xotinni yoqtirmaydi. Hatto to`y-ma`rakalarga ham chaqirmay qo`yishgan. Yaqinda biz ham o`g`il uylantirish niyatidamiz. Ular bilan qanday muomila qilishni ham bilmay qoldim. Boz ustiga, erim meni uradigan odat chiqargan. Erta-indin kelinni oldida ham kaltak eb o`tiraveramanmi? Oilamni asrab qolish va oilaviy muhitni sog`lomlashtirish uchun menga maslahat bering...
Saodatxon, Samarqand shahri.
Filologiya fanlari nomzodi, jurnalist Muhiba HAMIDOVA maslahat beradi.
— Sababsiz oqibat bo`lmas, singlim. Qaynota- qaynonangizni sizni yoqtirmasligi masalasi bizga qorong`u. Maslahatimiz shuki, avvalo o`zingizning harakatlaringiz, gap-so`zingizni bir taftish qilib ko`ring. Inson aybni o`zidan izlasa, jumboq tezroq echiladi. Shunga asosan siz ham yaxshilab o`ylab ko`ring. Aniq xulosaga kelgach, muolajani o`zingizdan boshlang. Oilada sog`lom muhit hukmron bo`lishini istasangiz, fe`l-atvorni yanada ijobiyroq tomonga o`zgartirishga kirishing. Yigirma bir yillik turmush tarzida yaxshi, quvonchli kunlar ko`p bo`lgan. Xo`jayin horib-charchab, asabiy bo`lib kelganda o`sha baxtli kunlarni eslating, farzandlar erishayotgan yutuqlardan, kelgusidagi ezgu niyatlardan gap oching.
Farzandlar ulg`aygan sari ota-onaga mehri ortib boradi. «O`zim otaman-ku, bola-chaqa deb yugurib elaman, ammo g`animat bo`lib qolgan ota-onam uchun nima qilib berdim?» degan andisha ich-etini kemiradi. Balki ota-onasi bilan yaxshi munosabatda bo`lmayotganligining sababini sizdan ko`rayotganligidan alami kelayotgandir. Siz birinchi navbatda qaynota va qaynonaning huzuriga borib, uzr-ma`zur aytib, ularning ko`nglini topishga harakat qiling. Mana ko`rasiz, turmush o`rtog`ingizning o`z-o`zidan sizga muhabbati ortadi. Ota-ona va farzand, nabiralar — uzilmas rishta ekanligini unutmang. Siz esa ular o`rtasidagi sabrli va mulohazali vosita — kelinposhshasiz. Shuni unutmang. Yaxshilik qilavering, yaxshilik hech qachon erda qolmaydi. Bolalaringiz sizdan o`rnak oladi. Ularning taqdiri go`zal bo`lishiga faqat biz onalar sababchi bo`la olamiz. Oilangiz mustahkam qo`rg`onga aylanishini istab qolamiz.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






