1. Birinchi uchrashuv ko`ngildagidek o`tib, keyingi sinov uchrashuviga ruxsat olingach, ikki tomon bir-biriga nihoyatda e`tibor qaratsin. Vaqt o`tgandan keyingi pushaymonlar dushmanlik qilmasligi, «bilmagan ekanmiz» demaslik uchun har qancha surishtirsangiz, kerak bo`lsa, maktab, kollej, oliy o`quv yurti, ishxona, mahalla, qo`ni-qo`shnidan fikr olsangiz, hech kim sizni uyat qilmaydi, hech xijolatlik joyi bo`lmaydi. Bir umrlik savdoda ming marta tekshirib olish ham farz, ham qarz.
2. Qizlar to`y xabari boshlangan vaqtda goh asabiy, goh quvnoq, kayfiyatlari o`zgaruvchan bo`lib qoladi. Qizlarjon, bu juda muhim palla. To`yingizga bir oy qoladimi yoki uch oy, shu paytgacha nimalarni o`rganmoqchi, qay rejalarni amalga oshirmoqchi bo`lsangiz, hammasiga ulgurishga harakat qiling. O`qisangiz, baholaringizni yaxshilashga, ballardan jamg`arib olishga harakat qiling. 15 ta yaltiroq ko`ylak tiktirish uchun 15 kunlab bozor kezmaslik uchun har bir ishga reja bilan yondashing.
3. Qizlarjon, «qo`lingiz shirin» deyilishi uchun qozonga ko`p go`sht tashlashingiz shart emas. Har turli taomni tez va kamxarj qilib va eng muhimi, tuz-namagini rostlab pishira olishingiz kerak. Hozirgi kelinlar ham suyuq, ham quyuqni bilishi, yoniga salat tayyorlashi, shirinlik pishirishi, Evropa, uyg`ur taomlarini uddalashi standart vazifalarga aylanmoqda. Tayyorgarlikni oldindan boshlang, o`rganganlaringizni turmushga chiqquningizcha ko`p marta sinovdan o`tkazib turing.
4. Bo`lajak kelinlar bo`lajak kuyovlar bilan uchrashishga alohida tayyorgarlik ko`rib chiqadilar, o`zlarining eng yaxshi jihatlarini ko`rsatishga harakat qiladilar. Qizlarjon, mana shu holatingiz har doim yodingizda saqlanib qolsin! Chunki yigit sizni shu holatda o`ziga yor deb sayladimi, demak, bu ko`rinish, bu navozishu muomala unga ma`qul. Ko`ngliga doimiy yangi yo`llarni topish uchun shu yurish-turishingizni takomillashtirib boring-u, ammo to`xtab, ortga chekinib, «asli o`zi bunaqaman» deb «o`tirib olmang»!
5. Onalarga maslahat: to`ydan oldin bo`lajak qaynona bilan telefonda yoki bir-ikki uchrashib muloqotga kirishganingizda uning fe`li, ba`zi xislatlari ochilib boradi. Qizingizga uning yaxshi jihatlarini ayting-u, agar to`yni to`xtatish istagingiz bo`lmasa, yomonlarini ichingizga yuting. Agar qizingizni shu ayoga topshirishingiz aniq bo`lsa, hozirdan uning yuragiga xavotir o`tini solishning, boshidan yomon ko`rsatishning keragi yo`q.
6. Deylik, bo`lajak quda bilan kelishib ish tutilayotgan chog`da oraga tushunmovchiliklar tushdi. Bunga yigit va qizning munosabatlari aralashtirilmasligi kerak. «Kuyovga ayt, «to`y yuborar»ning qurug`ini jo`natsin, rejamiz o`zgardi», «Yaxshiroq to`yxona topsin», «Challari, kelinsalom qilmaslikka onasini ko`ndirsin» kabilar bilan ikki yoshning eng yaxshi davrini yurak siqdilar-u, ko`ngil zadaliklarga to`ldirmang. Eng yaxshisi, katta o`zgarishlar haqida faqat kattalarning o`zi bilan diplomatik muloqotga kirishishdir.
7. Onalar «qizim uyalib qolmasin», deb, bor-budini sarflab, unga mol-dunyo yig`adilar. Mana shu erda did borasida qudaning istaklariga keskin qarama-qarshi chiqib qolmaslik uchun el-yurtning, yangi kelin-kevatlarning sarpo-surug`i, mebeli, pardasini diqqat bilan o`rganib chiqing. Faqat do`kondor yoki parda tikuvchining fikri ba`zan kamlik qiladi. Hammaga yoqadigan va sizning hamyoningiz ko`taradigan o`rta yo`lni tanlang. Ko`pincha qaynonalar molning qimmat yoki arzonligiga emas, didsizligiga nisbatan e`tiroz bildiradilar.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






