Ko`k choy
Qomatni tartibga keltirishni istaganlar uchun dietologlar ko`k choy ichishni tavsiya etishadi. Suyuq damlangan ko`k choy ortiqcha yog` yig`ilishidan xalos etib, teri namligini muvozanatlashtiradi.
Achchiq qalampir
Asosan achchiq ta`mli qo`shimchalar, qora murch, xantal kukuni, qizil qalampir kabilar hazm jarayonini faollashtirishi bilan qayd etiladi. Ayniqsa, qizil qalampir kukuni iste`mol qilinganidan so`ng 20 daqiqa o`tib, tanovul qilingan eguliklardagi ortiqcha kaloriyalarni parchalaydi. Ammo oshqozon yarasi va ichaklarda muammosi borlar uchun bu usul nojo`ya ta`sir ko`rsatishi mumkin.
Yog`siz sut-qatiq
Mazkur turdagi mahsulotlar organizmda kalsitriol gormoni ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu gormon esa hujayra to`qimalaridagi yog`larni parchalash xususiyatiga ega. Shu sababli ham qorin ochqaganda yog`siz sut-qatiq ichish tavsiya etiladi.
Dolchin
Bir kunda 1 choy qoshik dolchin kukunini asalli choyga qo`shib iste`mol qilsangiz, sog`ligingizga ham foyda qilasiz. Shuningdek, dolchindagi foydali birikmalar qonda qand miqdorini me`yorlashtirib, ortiqcha uglevod va yog`larning nojo`ya ta`siridan himoya qiladi.
Yashil olma
Qizil, sariq turlari mazali bo`lgani bilan foydali emas. Yashil olma esa to`yimli bo`libgina qolmay, ortiqcha santimetrlardan xalos bo`lishda beminnat ko`makchi ham. Tushlikdan so`ng biroz ochiqsangiz, yashil olma eyishingiz mumkin. Ammo uyqudan oldin iste`mol qilmang. Yo`qsa, qorin og`riqlari yoki boshqa bezovtaliklar yuzaga kelishi mumkin.
Limonli suv
Ertalab och qoringa mana bu ichimlikni sinab ko`ring: 1 st. qaynatib ilitilgan suvga yarim bo`lak limon sharbati va 1 choy qoshiq asalni aralashtiring. So`ng oz-ozdan iching. Limon tetiklik ulashsa, qaynatilgan suv ichaklarda turib qolgan tiqinlarni faollashtiradi. Asal esa miya faoliyatiga ijobiy ta`sir etadi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi






