Falastin futbol assotsiatsiyasi prezidenti Jibril Rajub 2026 yilgi Jahon chempionati doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun AQSh vizasini ola olmagani ma'lum bo'ldi. Bu haqda xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Associated Press xabariga ko'ra, Rajub FIFA tomonidan mundialga taklif etilgan milliy futbol federatsiyalari rahbarlari qatorida bo'lgan. U musobaqa uchun akkreditatsiyadan ham o'tgan, ammo AQShga kirish uchun zarur bo'lgan viza masalasi hal etilmagan.
Hozirda Falastin futbol assotsiatsiyasi rahbari Mexiko shahrida bo'lib turibdi. U AQSh vizasi rasmiylashtirilmagan yoki rad etilgan federatsiya vakillari orasida ekani aytilmoqda.
Jibril Rajub mazkur holatni adolatsizlik deb baholab, futbol vakillarining Jahon chempionati tadbirlarida ishtirok etish imkoniyati cheklanayotganini ta'kidlagan.
AQSh Davlat departamenti esa viza masalasi yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Ma'lumot uchun, Falastin terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo'llanma olmagan bo'lsa-da, FIFA an'anasiga ko'ra milliy futbol federatsiyalari rahbarlari musobaqaga taklif qilinadi.






