Bir nafar farzandim bor. Etti yil avval bachadon naychasida kista aniqlanib, davolash mushkul bo`lgani uchun, shifokorlar kistani bachadon naychasi bilan birga olib tashlashdi. Mana oradan shuncha yil o`tsa-da, homilador bo`lolmayapman. Bitta bachadon naychasi bilan ham homilador bo`lish mumkinmi?
Sevara, Andijon shahri
Homilador bo`lishni istagan ayol uchun bachadon naychalaridan birining olib tashlanishi og`ir holat. Axir ayolning homilador bo`lish-bo`lmasligi ushbu qo`shaloq a`zoga bog`liq. Odatda, jinsiy a`zolarning shamollashi natijasida bachadon naychalarida turli o`smalar rivojlanadi. Bachadondagi kista naycha bilan birga qo`shilib ketgan bo`lishi mumkin. Shuning uchun shifokor kista bilan birga naychani ham olib tashlashga majbur bo`lgan. Ammo ikkinchi naycha omon qolgan ekan, muxlisamizning homilador bo`lish imkoni bor. Ushbu maqolamiz orqali nima sababdan bachadon naychasida kista, miomalar paydo bo`ladi va ularning oldin olish mumkinmi, shunday holatda ham homilador bo`lish uchun nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida shifokor-ginekolog Muyassar Nazirovadan so`radik.
GINEKOLOGGA VAQTIDA BORING
Shifokor-ginekolog ko`rigidan, hatto sizni hech narsa bezovta qilmasa-da, har olti oyda o`tib turish kerak. Bordi-yu, kichik tos a`zosida shamollash, yallig`lanish bo`lsa, buni o`z vaqtida oldini olgan ma`qul. Aks holda tuxumdonlar faoliyati buziladi, bachadon va uning yo`llarida turli o`smalar paydo bo`lishi mumkin. Ayniqsa, u erda kista, mioma vujudga kelishi ayolning nasl qoldirishiga jiddiy ta`sir qilmay qo`ymaydi.
GAP NIMADALIGINI TEKShIRUV ANIQLAYDI
Birinchi qiladigan ishingiz, bachadon naychasi faoliyatini aniqlash. Buning uchun rentgen apparati yordamida gisterosalpingografiya muolajasi o`tkazilib, naychaning o`tkazuvchanligi teshiriladi. Bachadon kistasining asorati sifatida naychada tiqilma (spayka) yuz berishi mumkin. Aynan shuning uchun shifokorlar sizdagi naychani olib tashlashgan. Yana homilador bo`lishingiz uchun er-xotin ikkingizda yallig`lanish, virusli infeksiyalar bor-yo`qligini aniqlash kerak. Gap shundaki, kasallik chaqiruvchi infeksiyalar bachadon naychasida spayka hosil qilish xususiyatiga ega. Bordi-yu, arzimas shamollash yoki infeksiya aniqlansa, darrov er-xotin ikkingiz davolanishni boshlang. Bu kelajakda sizda yana avvalgi holat qaytarilmasligi uchun qilinadi.
OVULYaSIYu YuZ BERAYaPTIMI?
Sizdagi bu jarayonini ham nazorat qilish darkor. Davolovchi shifokoringiz bilan tibbiy taqvim bo`yicha tuxumdonlarning etilish davrini tekshirish, bazal harorat orqali ovulyasiya bo`lgan kunni aniqlab, shunga qarab, yaqinlikni belgilash mumkin. Yana sizga tuxumdonlar faoliyatini tekshirtirishni ham maslahat berardim. Chunki shuncha paytdan beri homilador bo`lmasligingizning sababi aynan shu a`zodagi yallig`lanish, gormonal buzilish tufayli bo`lishi ham mumkin. Bordi-yu, ovulyasiya borasida ham muammolar bo`lsa, shifokor gormonlar yordamida follikulalar o`sishini kuchaytirishni maslahat beradi. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va odatda, maxsus gormonal davo yordamida follikulalar tez etilib, homiladorlik ham tez yuz beradi. Sizga maslahatim, to`laqonli tibbiy tekshiruvdan o`ting, muammo aynan nimadaligini aniqlab, davolanishni boshlang.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi